Rossiya va Belarus Lukashenkoga qarshi suiqasdning oldini oldi. Prezident AQSHni ayblamoqda

Olam

image

Shu hafta Belarus va Rossiyada hibsga olingan siyosatshunos Aleksandr Feduta, muxolifatdagi Belarus Xalq fronti partiyasining rahbari Grigoriy Kostusev va AQSHda yashovchi Belarus advokati Yuriy Zenkovich Aleksandr Lukashenko va uning oilasiga suiqasd tayyorlayotgani aniqlangan. Bu haqda Prezident Aleksandr Lukashenkoning o‘zi ma’lum qildi.

Aleksandr Lukashenko

Uning so‘zlariga ko‘ra, suiqasdni tayyorlash ortida AQSH razvedka xizmatlari turgan: 

“Keyin biz aniq xorijiy razvedka xizmatlarining ishini fosh etdik – ehtimol Markaziy razvedka boshqarmasi, Federal qidiruv byurosi, amerikaliklarning qaysi bir tashkiloti u yerda ishlaganini bilmayman. Biz ularning Minskga kelib, men va farzandlarimga suiqasd uyushtirishni boshlash istagi bilan yurganini aniqladik. Ammo men yana bir narsadan hayronman – nega amerikaliklar o‘zini shunday tutadi? Axir Prezidentni yo‘q qilish vazifasini, esda tutingki, yuqori siyosiy rahbariyatdan boshqa hech kim berolmaydi”, deydi Lukashenko Matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videoda.

Belarus maxsus xizmatlari rahbari Ivan Tertel mamlakatning ONT telekanali efirida Feduta, Zenkovich va Kostusevlar jinoiy guruh tarkibida bo‘lganini, ularning a’zolari “Respublika Prezidentini jismonan yo‘q qilish” rejasini ishlab chiqqani va amalga oshirishni boshlab, hokimiyatni zo‘rlik bilan qo‘lga kiritish maqsadida qurolli isyon uyushtirishmoqchi bo‘lganini aytdi. KGB ma’lumotlariga ko‘ra, davlat to‘ntarishi 2021 yilning yoziga mo‘ljallangan edi.

Rossiya Federatsiyasi FSB Belarus KGB ma’lumotlarini tasdiqladi hamda Feduta va Zenkovichni Moskvada hibsga olish operatsiyasida qatnashganini bildirdi. FSB ma’lumotlariga ko‘ra, ular AQSH va Polshadagi maslahatlashuvlardan so‘ng shaharga “Belarus Qurolli kuchlarining oppozitsion qarashdagi generallari” bilan uchrashish uchun kelgan. FSB ma’lumotlariga ko‘ra, Belarusdagi davlat to‘ntarishi yozda emas, balki 9 mayda rejalashtirilgan edi.

Ma’lumot uchun, Aleksandr Feduta 1990 yillarda Aleksandr Lukashenkoning matbuot kotibi bo‘lgan va 2005 yilda u o‘zining birinchi siyosiy biografiyasi muallifiga aylangan. Keyinchalik Feduta muxolifat pozitsiyasiga o‘tdi.

2000 yillarning boshlarida Zenkovich muxolifat partiyasi BPF (Belorusiya Xalq fronti) a’zosi edi. U keyinsalik AQSHga jo‘nab ketdi va yuridik karera qurishni boshladi. Belarusdan tashqari, u Amerika fuqaroligiga ham ega.

Joriy yilning mart oyida Zenkovich ijtimoiy tarmoqlarda belarusliklarni Aleksandr Lukashenko rejimiga qarshi kurashish uchun “xalq o‘zini o‘zi himoya qilish” otryadlariga qo‘shilishga chaqirdi. Shuningdek, u Svetlana Tixanovskayani hokimiyat bilan muzokara o‘tkazishga tayyorgarligi uchun tanqid qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

268

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing