Rossiya va Belarus qo‘shma jangovar tayyorgarliklarni oshirmoqchi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 19 dekabr kuni belaruslik mavqedoshi Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Moskva va Minsk qo‘shma mashg‘ulotlar va boshqa tezkor va jangovar tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirishini ma’lum qildi.  

“Biz mamlakatlarimiz xavfsizligini ishonchli ta’minlash, qo‘shinlarni tayyorlashga ustuvor ahamiyat berish, ularning jangovar tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini oshirish, muntazam qo‘shma mashg‘ulotlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirish bo‘yicha barcha zarur choralarni birgalikda ko‘rishni davom ettirishga kelishib oldik”, deydi Rossiya rahbari. 

Shuningdek, u umumiy harbiy doktrinani izchil amalga oshirish doirasida qo‘shma harbiy rejalashtirish amalga oshirilayotganini, Rossiya-Belarus mintaqaviy qo‘shinlar guruhi faoliyat ko‘rsatayotganini, ikki davlatning jangovar tuzilmalari va harbiy qismlarini muvofiqlashtirish choralari ko‘rilayotganini urg‘uladi. 

Shuningdek, Putinga ko‘ra, Rossiya Belarus Harbiy-havo kuchlarining yadroviy kallakli aviatsiya o‘q-dorilarini tashishga aylantirilgan samolyotlari uchun ekipajlarni tayyorlashni davom ettiradi.

“Belarus Prezidentining Belarus armiyasining jangovar samolyotlari ekipajlarini o‘qitish bo‘yicha takliflarini amalga oshirishni davom ettirish mumkin deb hisoblayman, ular allaqachon havodan uchiriladigan o‘q-dorilarni maxsus jangovar kallak bilan ishlatish uchun qayta jihozlangan”, deydi Rossiya rahbari. 

Putin hamkorlikning bu shakli bizning ixtiromiz emas, deb ta’kidladi.  

“Masalan, Qo‘shma Shtatlar NATO blokidagi ittifoqchilari bilan o‘nlab yillar davomida shunday tadbirlarni o‘tkazib keladi”, deydi Rossiya Prezidenti. 

Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bunday muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar Ittifoq davlatining tashqi chegaralaridagi keskin vaziyat munosabati bilan nihoyatda muhim. 

Joriy yilning iyun oyida Lukashenko Putinga G‘arb harakatlarini aks ettirish uchun harbiy choralar ko‘rishni taklif qilib, Belarus jangovar samolyotlarini yadro kallaklarini olib yurishi uchun modernizatsiya qilishga yordam berishni so‘radi. Avgust oyida Belarus rezidenti jurnalistlarga “hamma narsa tayyor”, degan edi.

Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiyaning S-400 va “Iskandar” raketa komplekslari respublikada jangovar navbatchilikka o‘tganini ma’lum qildi. 

“Bugun biz siz Belarusga topshirgan S-400 tizimlarini, eng muhimi, olti oy oldin va’da qilgan “Iskandar” komplekslarini jangovar navbatga qo‘ydik”, deydi Lukashenko Putinga.

U Putinga barcha mavzular bo‘yicha o‘zaro tushunish va qo‘llab-quvvatlagani hamda kerakli qarorlarni qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi. 

Lukashenko, shuningdek, Belarus Rossiya ko‘magida maxsus o‘q-dorilarni tashishga qodir samolyotlarni boshqarish uchun ekipajlar tayyorlayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kecha, 19 dekabr kuni Minskka bordi. Bu Putinning 2019 yildan buyon Belarusga ilk tashrifi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing