Rossiya O‘zbekistonga maymunchechakni aniqlovchi test tizimlarini yuboradi
Salomatlik
−
27 avgust
2615Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari, shuningdek Tojikiston va O‘zbekiston Rossiyadan maymunchechakni aniqlovchi test tizimlarini yetkazib berishni so‘ragan. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 26 avgust kuni Rospotrebnadzor tashabbusi bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar aholisining sanitariya-epidemiologiya farovonligi sohasidagi vakolatli organlar rahbarlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston sanitariya shifokorlari ishtirok etgan. Unga Tojikiston va O‘zbekistonning sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi sohasidagi vakolatli organlari rahbarlari ham taklif etilgan.
Kengash a’zolariga ko‘ra, YeOIIga a’zo davlatlar, shuningdek, Tojikiston va O‘zbekistonda maymunchechak kasalligining tarqalish xavfi past deb baholanmoqda. Ishtirokchilar Yevroosiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlarda ko‘rilayotgan epidemiyaga qarshi choralarni muhokama qilib, chegarada karantin nazorati choralari kuchaytirilganini ta’kidlagan. Shuningdek, yig‘ilishda ishtirok etgan davlatlar Rossiyadan maymunchechakni aniqlash uchun test tizimini taqdim etishni so‘ragan va Rospotrebnadzor mamlakatlar bilan hamkorlik qilishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, maymunchechak kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, isitma, intoksikatsiya, kattalashgan limfa tugunlari va dog‘lar ko‘rinishidagi toshma alomatlari bilan ma’lum. Virus odamlarga kemiruvchilar va primatlar kabi yovvoyi hayvonlardan yuqadi, shuningdek, odamdan-odamga yuqishi ham mumkin. Yengil holatlarda kasallik o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi va ikki haftadan uch haftagacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreisus maymunchechak bo‘yicha epidemiologik favqulodda holat e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi