Rossiya O‘zbekistondan o‘g‘irlangan XIII-XIX asrlarga oid madaniy boyliklarni ortga qaytardi

Jamiyat

image

Kecha, 21 iyun kuni Rossiyaning poytaxti Moskvada Federal Bojxona xizmati (FBX) hududida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi vakillariga tarixiy-madaniy buyumlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. FBX O‘zbekiston vakillariga XIII-XIX asrlarga oid 29 ta kitob va 16 ta sopol buyumlarni topshirdi. Bu haqda Rossiya Bojxona xizmati saytida xabar berilgan.

Ma’lum qilinishicha, tarixiy-madaniy buyumlarni topshirish marosimi ikki davlat bojxona xizmatlari o‘rtasida noqonuniy olib kirilgan madaniy boyliklarni hibsga olish va qaytarish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq o‘tkazilgan.

Madaniyatshunoslarning o‘tkazgan ekspertizasiga ko‘ra, qo‘lyozma kitoblar XIX asr O‘rta Osiyo yozma madaniyati uchun xos bo‘lgan arab, fors va turkiy tillardagi diniy matnlar to‘plami, shuningdek fors va turkiy tillardagi she’rlardan iborat bo‘lgan. Sopol buyumlar: ko‘zalar, kosa, humlar — O‘rta asrlarga oid Samarqand kulolchilik ustaxonalari mahsuloti.

Xabarga ko‘ra, ushbu madaniy boyliklar O‘zbekiston Respublikasidan Rossiya hududiga noqonuniy olib kirilishi vaqtida Qrim bojxonasi va Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Qrimda istiqomat qiluvchi shaxs konteynerda O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan madaniy boyliklarni Rossiyaga olib kirmoqchi bo‘lgan. Bojxona ekspertizasi paytida konteynerda boshqa narsalar qatorida arabcha qo‘lyozmalar va sopol buyumlar borligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, qrimlik shaxs Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 226.1-moddasi 1-bandi bilan 2 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

149

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing