Rossiya Ukrainaga hujumni boshlashga 70 foiz tayyor – AQSH

Olam

image

Rossiya Ukrainaga hujumni boshlash uchun 70 foiz harbiy kuchlarini shay holatga keltirgan. Bu haqda AQSH harbiy razvedkasi berayotgan ma’lumotlarga asoslanib BBC xabar bermoqda.

Hujum fevral oyi o‘rtalarida boshlanishi mumkinligi bildirilmoqda. Kelasi hafta Ukraina bilan chegara hududda 100 000 dan ortiq qo‘shin to‘plagan Moskva o‘zining og‘ir artilleriyasini ishga solishi aytilmoqda. 

Hujumga tayyorgarlik haqida xabar berayotgan AQSH, o‘zining taxminlarini qaysi manbaga asoslanib berayotgani haqida miq etmagan. AQSHga ko‘ra, ma’lumotlar razvedka xizmati tomonidan taqdim etilgan. 

AQSH rasmiylarining “Reuters” axborot agentligiga bildirishicha, Rossiya fevral oyi o‘rtalari va mart oyining boshlarida chegara hududi bo‘ylab hujumkor qurollarini mobilizatsiya qila boshlaydi. Agar u sodir bo‘ladigan bo‘lsa, sovuq urush kamida 50 000 dan ortiq tinch aholining qoni to‘kilishiga sabab bo‘lishi aytilmoqda. 

Bundan tashqari, hujum oqibatida Ukraina poytaxti Kiyev vayron bo‘lib, Yevropada Ukrainadan keladigan millionlab qochqinlar sabab, muhojirlar inqirozi boshlanishi ma’lum qilinmoqda.  

Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 fevral kuni Rossiya agressiyasiga qarshi oldindan ko‘rilgan chora sifatida AQSH Polshaga rasman o‘z qo‘shinlarini kiritdi.

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi. 

Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan. 

Boshqa tomondan Rossiya, Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

492

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing