Rossiya Ukrainaga hujum qilmasligiga kafolat bormi? Putin javob berdi
Olam
−
23 dekabr 2021
15505Rossiyaning Ukrainaga hujum qilmasligi ikki tomonlama muzokaralarga emas, balki NATO qo‘shinlarining rus chegaralaridan uzoqlashishiga bog‘liq. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Anjuman davomida Buyuk Britaniyaning “Sky News” yangiliklar telekanali jurnalistining Rossiyaning Ukraina xavfsizligini ta’minlash haqidagi savoliga javoban Putin muammolar ortida AQSH boshchiligidagi G‘arb mamlakatlari turganini ta’kidladi.
“Bizning harakatlarimiz muzokaralar jarayoniga emas, balki Rossiya xavfsizligini so‘zsiz ta’minlashga bog‘liq bo‘ladi. Biz NATOning sharqqa qarab harakatlanishini qabul qilib bo‘lmasligini ochiq aytdik. Qo‘shma Shtatlar uyimiz ostonasida raketalar majmuasi bilan poylab turibdi. Uyimiz oldida harbiy qurollarni o‘rnatmaslikni talab qilish ortiqcha emas-ku? Agar amerikaliklar Kanada yoki Meksika bilan chegarada raketalar o‘rnatishsa qanday munosabatda bo‘lishadi. Va oldin Kaliforniya kimga tegishli edi? Texaschi?”, deydi Rossiya yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va NATO davlatlari Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujumi ortidan Moskvani jiddiy oqibatlar haqida ogohlantirgan edi. Yevropa davlatlari rahbarlarining Bryusseldagi sammitida esa G‘arb Kremlga sanksiyalar joriy qilish taklifini ma’qullagandi.
Doston Iskandarov
LiveBarchasi