Rossiya Ukraina shaharlariga raketa uchirdi
Olam
−
01 may 2023
11345Bugun, 1 may kuni ertalab Rossiya kuchlari Ukrainaga 18 ta raketa uchirdi. Ukraina havo hujumidan mudofaa ekipajlari ularning 15 tasini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda ukrainalik harbiylarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Soat 2:30 atrofida rus bosqinchilari strategik aviatsiya samolyotlaridan Ukrainaga hujum qilishdi”, deyilgan Ukraina qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning Telegram-kanalidagi postida.
Kiyev shahar rasmiylari esa poytaxtga yo‘naltirilgan barcha raketalar yo‘q qilinganini, mazkur hujum shaharga uch kun ichida ikkinchi marta uyushtirilganini ma’lum qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tinch aholi orasida qurbonlar va turar-joy ob’ektlari va infratuzilmalarning vayron bo‘lgani qayd etilmagan.
Rasmiylarga ko‘ra, shahardan alohida ma’muriy birlik hisoblangan Kiyev viloyatini Rossiya raketalaridan himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari ham ishga tushirilgan.
Rossiya tunda Ukrainaning boshqa hududlariga, jumladan Dnepropetrovskga ham raketa uchirgan. Bu yerda havo hujumidan mudofaa ekipajlari yettita raketani urib tushirgan, biroq 25 kishi tibbiy yordamga murojaat qilgan.
Ukraina sharqidagi Pavlohrad shahrida esa ikki marta zarba berilishi oqibatida sanoat korxonasi, 19 ta ko‘p qavatli uy, 25 ta xususiy uy va boshqalar shikastlangan yoki vayron bo‘lgan.
Zaporoje viloyatining Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ma’muriyati rasmiysi Vladimir Rogov Pavlohraddagi yong‘inlar tasvirlari va videolarini e’lon qilgan va Rossiya kuchlari u yerdagi harbiy nishonlarga zarba berganini aytgan.
Rossiya tomonining aytishicha, so‘nggi zarbalar Kiyevning sharqda uzoq vaqtdan beri rejalashtirilgan qarshi hujum rejalariga to‘sqinlik qilish uchun qilingan.
LiveBarchasi