Rossiya-Ukraina mojarosi O‘zbekiston va MO davlatlariga qanday iqtisodiy zarar keltirishi aytildi
Biznes
−
17 fevral 2022
13239Ukraina bilan urush Rossiya mehnat bozorini asosiy ishchi kuchi bilan ta’minlovchi Markaziy Osiyo davlatlariga qanday ta’sir qiladi?
So‘nggi paytlarda afgor ommani tahlikaga solayotgan Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat, asosiy daromadi mehnat muhojirlari yuboradigan mablag‘lardan bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlariga qanday xavf-xatar tug‘dirishi ma’lum qilindi.
Rossiyaning bepoyon sarhadlari bo‘ylab o‘z rizqini terib yurgan Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston mehnat muhojirlariga ko‘ra, urush tahdidi ortidan Rossiyada rubl dollarga nisbatan qadrsizlanib bormoqda. Muhojirlarning uyiga yuboradigan mablag‘i ham avvalgiga nisbatan sezilarni darajada kamaygan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-sentyabr oylari oralig‘ida O‘zbekistondan 3 million, Tojikistondan 1,6 million va Qirg‘iz Respublikasidan 620 ming fuqaro Rossiyaga mehnat migratsiyasi uchun borgan.
Moskvadagi qurilish tashkilotida brigadir bo‘lib ishlaydigan Tojikistonlik Faridun Abdullayevning ma’lum qilishicha, o‘tgan yilning xuddi shu davrida u oilasiga har oy o‘rtacha 500 AQSH dollari yuborib turgan. Ammo, so‘nggi paytlarda sodir bo‘layotgan tahlikali voqelar ortidan rublning qadrsizlanishi sababli Faridun o‘tgan oy uyiga 450 dollar yuborolgan, xolos.
“Men rafiqamga pul yubora turib, qo‘ng‘iroq qildim va vaziyat kelgusida bundan ham yomonroq bo‘lishi yoki yana o‘z holiga qaytishi mumkinligini aytdim”, deydi Faridun “Al-Jazeera” jurnalistiga bergan intervyusida.
Ukrainaga nisbatan bosimni oshirib borayotgan Rossiyaning “jilovini tiyib turish” uchun AQSH va G‘arb Kreml iqtisodiga qarshi jiddiy sanksiyalar qo‘llash yo‘lini tutmoqda.
AQSH e’lon qilgan sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya moliya sektorining 55 foiz aktivlarini boshqaradigan 4 ta eng yirik rus banklari ham kiritilgan.
Bundan tashqari, Rossiya gazining eng yirik importyori bo‘lgan G‘arb mamlakatlari rus gazidan butunlay voz kechishni ko‘zlamoqda. Neft-gaz importi bo‘yicha Rossiya o‘rniga alternativ mamlakat sifatida Yevropa Qatarni tanlagan.
Iqtisodiy daromadning eng katta qismini chetga neft-gaz sotib qoplaydigan Rossiya, AQSH va G‘arb qo‘llaydigan sanksiyalar ortidan boshi berk ko‘chaga kirib qolishi taxmin qilinmoqda.
Joriy qilinayotgan taqiqlar nafaqat Rossiya, balki iqtisodi chet elga mehnat muhojiri sifatida ketgan fuqarolar yuboradigan mablag‘larga tayangan Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham jiddiy muammomolar keltirib chiqarishi mumkin.
Misol uchun, bundan avval AQSH tomonidan Rossiyaga nisbatan 2014 yilda joriy etilgan sanksiyalar sababli, 2013-2016 yillar oralig‘ida Tojikistonga Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalari miqdori ikki baravarga qisqargan. O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi bir yil ichida qariyb 30 foizga, Qirg‘iziston Respublikasida esa 25 foizga kamaygan.
Kremlga qarshi qo‘llanayotgan bu safargi sanksiyalar ham Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodi uchun avvalgisidan kam darajada ta’sir qilmasligi aytilmoqda.
Bildirilishicha, shundoq ham COVID-19 pandemiyasi ortidan joriy qilingan cheklovlar sababli Markaziy Osiyo davlatlariga migrantlardan keladigan xorijiy valyuta oqimi sezilarni pasaygan. Vaziyat sekin-asta o‘nglanishi ortidan o‘zbekistonlik migrantlar Rossiyadan yuboradigan mablag‘lar hajmi joriy yil hisobida 23 foizga o‘sgan.
Iqtisodchilarning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, Moskvaning iqtisodi qiyin ahvolga tushib qolgan taqdirda, daromadining katta qismi Rossiyadagi migrantlar yuborgan valyutaga to‘g‘ri keladigan Tojikiston va Qirg‘iziston iqtisodi ham tang ahvolda qoladi. Ammo tabiiy boyliklari ko‘p bo‘lgan, iqtisodiy jihatdan bir muncha erkin va rivojlanish darajasi yaxshilanib borayotgan O‘zbekiston vaziyatni yengil o‘tkazishi kutilmoqda.
Ekspertlarga ko‘ra, sanksiyalar sababli Rossiya iqtisodi og‘ir ahvolga tushib qoladigan bo‘lsa, ish beruvchi alternativ davlat sifatida Qozog‘iston, Turkiya, Janubiy Koreya va BAAga migrantlar oqimi sezilarli darajada ortadi.
LiveBarchasi