Rossiya Ukraina chegarasi yaqinida qo‘shinlarini to‘plashda davom etmoqda – “Bloomberg”

Olam

image

Rossiya Ukraina bilan chegara yaqinida harbiy texnika va qo‘shinlar yig‘ishda davom etmoqda. Bu haqda “Bloomberg” nashri “Janes” harbiy-razvedka kompaniyasi tomonidan o‘rganilgan sun’iy yo‘ldosh suratlariga tayanib, xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning noyabr oyidan boshlab chegara hududlariga tanklar, artilleriya qurollari va havo hujumidan mudofaa tizimlari keltirilgan. Rossiya Ukraina bilan chegaraga poyezd va samolyotlarda katta qo‘shinlar jo‘natib, oz vaqt ichida salmoqli harbiy kuchlarni to‘plashi mumkin.

Ukraina harbiylari ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva allaqachon 122 ming harbiyni Ukraina bilan chegaradan 200 kilometr uzoqlikda to‘plagan.

OAV esa Rossiya Ukraina yaqinida qo‘shinlarini to‘plagani va 2022 yil boshida mamlakatga bostirib kirishga tayyorlanayotgani haqida xabar bermoqda. Rossiya esa ushbu ma’lumotlarni rad etib, Ukrainadagi hujum haqidagi xabarlarni “quruq gaplar” deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, ikki davlat o‘rtasidagi chegara bilan bog‘liq jiddiy ziddiyatlar 2014 yil Ukrainaga qarashli Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishi ortidan alanga olgandi. 2013 yil ukrain xalqi, Prezident Yanukovichni Rossiyaga sotilganlikda va Rossiya bosimi ostida g‘arb bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarni uzishga urinayotgalikda ayblab, davlat to‘ntarishi o‘tkazgandi. Norozilik aksiyalari o‘tkazilishi ortidan mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayotida jiddiy to‘siqlar vujudga kelgan.

Yevropa ommaviy axborot vositalari va AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiya o‘zining G‘arbiy chegara hududida 175 ming askar to‘plamoqda. Xalqaro hamjamiyat esa buni Ukrainaga tahdid sifatida baholamoqda. Ayni vaqtda kun tartibida turgan ushbu masala, 7 dekabr kuni Putin va Bayden o‘rtasida kechgan muloqotda ham muhokama qilindi.

Germaniyaning “Bild” gazetasi hatto Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun ikkita hujum rejasini ishlab chiqqani haqida xabarlar tarqatdi. Nemis nashri hujum 2022 yil boshida amalga oshirilishiga ishonch bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

239

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing