Rossiya Ukraina bilan urushga byudjetning chorak qismini sarfladi – “Forbes”
Olam
−
25 noyabr 2022
5895Ukrainaga qarshi urushning to‘qqiz oyida Rossiya xarajatlari qariyb 82 milliard dollarni tashkil etdi, bu Rossiya yillik byudjetining chorak qismini tashkil etadi. Bu haqda “Forbes” jurnalining Ukrainadagi nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu miqdor bevosita Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Barqaror mudofaa xarajatlari va sanksiyalar natijasida iqtisodiyotdagi yo‘qotishlarni hisobga olinmagan.
Rossiya Federatsiyasining 2021 yilgi byudjet daromadlari 340 milliard dollarni tashkil etganligi sababli, “urush uchun chek”ning joriy miqdori ushbu mamlakat yillik byudjetining chorak qismiga teng, deb ta’kidlaydi “Forbes”. Nashrga ko‘ra, “urush narxi” kelgusi yil Kreml uchun juda yuqori bo‘lishi mumkin, chunki Rossiyaning harbiy ehtiyojlarini qondirish uchun resurslari tugaydi.
Nashrning tushuntirishicha, neft va gaz eksportidan tushumlar kamayishi, “Shimoliy oqim” orqali yetkazib berish to‘xtatilganidan keyin Yevropa Ittifoqi gaz bozorining katta qismi qo‘ldan chiqishi va Rossiya neftiga qarshi sanksiyalar fonida urushni davom ettirish uchun Kremlga ko‘proq pul kerak bo‘ladi.
Rossiya har bir askariga kuniga o‘rtacha 200 dollar sarflaydi. Harbiy harakatlarda qatnashgan harbiylarning ish haqining umumiy qiymati safarbarlikdan keyin oyiga taxminan 2,7 milliard dollarni tashkil qiladi. Agar yozda halok bo‘lganlar va yaradorlarga to‘lanadigan tovon miqdori oyiga 1 milliard dollarga yaqin bo‘lsa, urushning so‘nggi oyida u 3,5 milliard dollardan oshdi.
Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda kuniga 10 000 dan 50 000 gacha snaryadlar sarflagan, buning umumiy xarajati 5,5 milliard dollardan oshadi. Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 4000 dan ortiq raketa otgan. Ularning har birining narxi o‘rtacha 3 million dollarni tashkil qiladi.
Shuningdek, Rossiya Ukrainada o‘rtacha 18 million dollarlik 278 ta jangovar samolyotni va o‘rtacha 10,4 million dollarlik 261 vertolyotni yo‘qotdi. Rossiya harbiy aviatsiyasining umumiy yo‘qotishlari pul ko‘rinishida 8 milliard dollarni tashkil qiladi.
Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga bostirib kirguncha qancha tanki bo‘lgan bo‘lsa, shuncha yo‘qotdi (24 fevral holatiga ko‘ra, taxminan 3300 ta tankdan 2897 tasi). Hozirda Kreml o‘nlab yillar davomida omborlarda saqlangan va sezilarli modernizatsiya va moliyaviy xarajatlarni talab qiladigan uskunalarni tiklashga harakat qilmoqda.
Umuman olganda, Ukrainaga qarshi to‘qqiz oylik urushda yo‘qotilgan barcha texnikalar Rossiyaga 20,8 milliard dollarga tushdi, deb ta’kidlaydi “Forbes” jurnali.
LiveBarchasi