Rossiya SSSRning kirdikorlarini fosh qilgan tashkilotning “janozasini o‘qidi”

Olam

image

Bugun, 28 dekabr kuni Rossiya Oliy sudi mamlakatdagi eng taniqli inson huquqlari tashkiloti “Memorial”ni yopish to‘g‘risida qaror chiqardi. Rossiya tarixidagi ilk inson huquqlari tashkiloti bo‘lgan “Memorial” Sovet ittifoqi davrida qatl etilgan, qamoqqa tashlangan yoki ta’qibga uchragan millionlab begunoh insonlar xotirasini tiklash uchun tashkil etilgan.

O‘tgan oy mamlakat prokuraturasi Moskvada joylashgan “Memorial” inson huquqlari markazi va uning bosh tuzilmasi “Memorial International”ni Rossiyaning “xorijiy tashkilotlar” to‘g‘risidagi qonunini buzganlikda ayblab, sudga ularning faoliyatini to‘xtatishini so‘rab murojaat qilgan.

Gap shundaki, 1989 yil SSSR parchalanmasdan tashkil etilgan tashkilot, 2015 yildan beri xorijiy mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladi. Shundan so‘ng, xorijiy tashkilot maqomini olgan “Memorial International” 2016 yilda uning bosh tuzilmasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Xorijiy tashkilot maqomini olishi ortidan unga nisbatan xorijiy agent sifatida qaray boshlangan va turli xil taqiqlar joriy qilingan. 

Tashkilot mamlakatning Sovet ittifoqi davridagi eng qorong‘u va hech kim tilga olmagan tarixi hamda poymol qilingan inson huquqlari haqida butun dunyoga ro‘y-rost ma’lum qilish ramziga aylanib ulgurgan edi. 

Mamlakat prokuraturasining “Memorial”ni SSSR obro‘siga putur yetkazish, Sovet davrida erishilgan g‘alabalar o‘rniga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tarqatishda ayblagan. Bundan tashqari, tashkilotga “xorijiy” maqomi ostida bo‘la turib mamlakat ichki ishlariga aralashish, terrorizm va ekstremizm bilan shug‘ullanish ayblari ham qo‘yilgan. 

“Memorial” Rossiyaning zamonaviy tarixida ham yo‘l qo‘yilayotgan inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni yoritib borish va ularni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish bilan shug‘ullanadi. Xususan, u mamlakat Prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksandr Navalniyning qamoqqa olinishini ham qoralab chiqqan.
 
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yil 46 nafarni tashkil qilgan mamlakatdagi siyosiy mahbuslar soni joriy yilning oktyabriga kelib 420 kishiga yetgan. 

Bundan tashqari, Rossiyadagi yana bir zamonaviy siyosiy repressiyalar va huquqlar buzilishini hujjatlashtirish bilan shug‘ullanuvchi “Memorial Human Rights Centre” tashkiloti ham xorijiy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblanib, uning ham tez orada yopilishi kutilmoqda. 

“Memorial” sud chiqargan qaror ustidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga e’tiroz bildirishi haqida ma’lum qilmoqda.

“Vladimir Putin Sovet Ittifoqining Ikkinchi Jahon urushida fashistlar ustidan qozongan g‘alabasiga katta e’tibor qaratadi. Bu, Rossiya uchun o‘zining sobiq super davlat maqomiga intilishining bir qismi bo‘lib, ko‘plab ruslar ustidan o‘tkazilgan maxfiy sudlar, qamoq lagerlari va otuvga hukm qilinganlar tarixini yoritishdan ko‘ra ko‘proq jozibali ko‘rinadi”, deydi “Memorial” kengashning a’zosi Oleg Orlov sud qarori bo‘yicha BBC'ga bergan intervyusida.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

670

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing