Rossiya-NATO o‘rtasida Shveysariya dallollik qilmoqchi

Olam

image

Shveysariya tinchlik yo‘lida Rossiya-NATO muzokaralari uchun sammitga mezbonlikni taklif qilmoqda. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar departamenti rasmiy vakili Valentin Klivaz RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan. 

"Shveysariya mezbon davlat sifatida yoki konferensiyalar va uchrashuvlar tashkil etishga yaqindan yordam berishga tayyor", deya bildirgan rasmiy.

Shuningdek, diplomat hozirda tomonlar bilan olib borilayotgan muzokalarga to‘xtalar ekan, “maxfiylik tufayli Tashqi ishlar departamenti aniq voqealar yoki tomonlarning so‘rovlari bo‘yicha izoh bermasligini” ta’kidlagan.

Avvalroq Shimoliy Atlantika alyansi (NATO) bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya-NATO kengashi 2022 yil 12 yanvarda chaqirilishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.

O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa AQSH bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar kelgusi yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan.

Dekabr oyi o‘rtalarida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSH bilan tuziladigan xavfsizlik shartnomasining loyihasi va NATO bilan kelishuv haqida e’lon qilgan edi. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, kelishuv hujjatlari allaqachon Vashington va uning ittifoqchilariga topshirilgan. Shartnoma punktlarining birida, NATO mamlakatlarining Sharqiy Yevropaga qarab siljimaslik, xususan Ukraina hududiga kirmaslikni kafolatlashi haqida ham so‘z borgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin NATOning sharqqa tomon kengayishi va Ukrainada jangavor qurollarini joylashtirishi, Moskva uchun qizil chiziqdan o‘tishni anglatishi haqida bir necha bor ta’kidlab kelmoqda.

O‘z navbatida, Sergey Lavrov alyans Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni ko‘paytirayotgani, mamlakatda G‘arb instruktorlarining soni ham ko‘payganiga omma e’tiborini qaratmoqda. Uning fikricha, G‘arbning bu harakatlari Ukraina hukumatini “harbiy harakatlar”ga undashi mumkin, bu esa Rossiya xavfsizligiga bevosita tahdid soladi.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

164

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing