Rossiya kungaboqar va kolza urug‘lari eksportiga taqiq qo‘ydi
Olam
−
01 aprel 2022
5937Rossiya Federatsiyasi Hukumati Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlari va xalqaro hukumatlararo kelishuvlar doirasidan tashqari, kungaboqar va kolza urug‘larini mamlakatdan eksport qilishni vaqtincha taqiqlaydi. Bu haqda kecha, 31 mart kuni Vazirlar Mahkamasi Matbuot xizmati xabar berdi.
“1 apreldan kungaboqar va kolza urug‘larini eksport qilishga vaqtinchalik taqiq joriy etildi. Cheklovlar 2022 yilning 1 aprelidan 31 avgustigacha amal qiladi”, deyiladi xabarda.
Vazirlar Mahkamasi bugungi kunda kungaboqar yog‘i va moyli o‘simliklarning jahon narxlarining keskin oshishi fonida Rossiya mahsulotlariga talab ortib borayotganini ta’kidladi.
“Qaror qayta ishlash korxonalari, shuningdek, chorvachilik tarmog‘ining xomashyoga bo‘lgan ehtiyojini ushbu yog‘li ekinlarni qayta ishlash mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq bu qaror bojxona va tariflarni tartibga solish bo‘yicha quyi qo‘mita tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.
Hukumat saytida alohida urg‘ulanishicha, kolza va kungaboqarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlariga eksport qilish, shuningdek, xalqaro hukumatlararo shartnomalar asosida ushbu mahsulotlarni Rossiyadan olib chiqish vaqtinchalik cheklov qo‘llanilmaydigan istisnolar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi yog‘ ishlab chiqaruvchilar kungaboqar va kolza urug‘larini asosan Ukraina va Rossiyadan xarid qilib kelgan.
LiveBarchasi