Rossiya kriptovalyuta oqimini “qo‘lga olmoqchi”
Olam
−
27 yanvar 2022
7555Rossiyada kriptovalyutalarni taqiqlanmagan holda tartibga solish konsepsiyasi taqdim etildi. Bunda kriptovalyutalar bilan barcha operatsiyalarni banklar orqali amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu haqa RBK nashri xabar bermoqda.
Rossiya Moliya vazirligi Shveysariyaning “Aximetria” loyihasida amalga oshirilgan konsepsiyani asos qilib olishni va kripto-hamyon foydalanuvchilarini to‘liq aniqlashni taklif qilmoqda. Har bir tranzaksiyada Rossiya hukumati uni amalga oshirgan shaxsning barcha identifikatsiya ma’lumotlaridan (to‘liq ism, ro‘yxatdan o‘tish manzili, tug‘ilgan sana, elektron pochta manzili, telefon raqami, pasport ma’lumotlari, fotosurat, bank hisob raqamlari va boshqalar) xabardor bo‘ladi.
“Keskin taqiq o‘rniga tartibga solish choralarini joriy qilish va ularning natijalarini nazorat qilish maqsadga muvofiqdir. Shu nuqtai nazardan, Moliya vazirligining pozitsiyasi to‘g‘ri ko‘rinadi. Biroq, u Markaziy bank tomonidan nazorat qilinadigan banklarga tayanadi, shuning uchun Moliya vazirligi Rossiya banki bilan murosaga kirishishga majbur bo‘ladi ", deb izoh bergan Elektron pul va pul o‘tkazmalari bozori ishtirokchilari uyushmasi raisi Viktor Dostov.
Konsepsiya matnida Federal xavfsizlik xizmatining sharhi keltirilgan. Unda ushbu tashabbus kripto-hamyon egalarining shaxsiy ma’lumotlarini olish imkonini yaratadi, buning yordamida har qanday kriptovalyuta operatsiyalarini kuzatish va noqonuniy o‘tkazmalarni aniqlash mumkinligi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Rossiya Markaziy banki mamlakat bo‘ylab mayning va kriptovalyuta faoliyati uchun taqiq qo‘ymoqchi edi. Telegram ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durov esa kriptovalyutalarning taqiqlanishi IT-mutaxassislarining mamlakatdan chiqib ketishiga olib keladi va yuqori texnologiyali iqtisodiyot tarmoqlarini yo‘q qilishi haqida aytib o‘tgandi.
LiveBarchasi