Rossiya korrupsiyaga oid konvensiyadagi ishtirokini to‘xtatdi
Olam
−
01 mart 2023
3162Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevropa Kengashining “Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi konvensiyasi”ni Rossiya tomonidan denonsatsiya qilinishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur konvensiya 1999 yil 27 yanvarda Stratsburgda imzolangan. Rossiya uni 2006 yil iyul oyida ratifikatsiya qilgan. 2023 yil 9 yanvarda Putin Konvensiyani denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Davlat Dumasiga taqdim etgan, deputatlar esa uni 15 fevralda qabul qilgan.
Federatsiya Kengashi spikeri o‘rinbosari Konstantin Kosachevning aytishicha, Rossiya Yevropa Kengashining siyosiy qarorlari bilan Korrupsiyaga qarshi davlatlar guruhi (GRECO)ning to‘liq a’zoligidan mahrum qilingan holda konvensiyadan chiqishga majbur bo‘lgan. Tegishli rezolyutsiya Yevropa Kengashi Vazirlar qo‘mitasi tomonidan 2022 yil 23 martda qabul qilingan. Shunday qilib, Rossiya hisobotlarni muhokama qilish, qarorlar qabul qilishda ishtirok etish, ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lgan.
“Rossiya Federatsiyasi uchun bunday shartlar qabul qilinishi mumkin emasligi sababli, shuningdek, GRECO baholash mexanizmlarida Rossiya Federatsiyasiga nisbatan kamsituvchi munosabatning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish uchun konvensiyani denonsatsiya qilish taklif etildi”, degan Konstantin Kosachev.
Rossiya rasmiylari ta’kidlashicha, konvensiyani denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorga qaramay, Moskva korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro majburiyatlaridan voz kechmaydi. Konvensiyani denonsatsiya qilish korrupsiya jinoyatlari uchun jazoni keskin oshirish yoki yumshatishga olib kelmaydi.
Denonsatsiya nima?
Denonsatsiya xalqaro shartnomalarni bekor qilish usullaridan biri bo‘lib, shartnomani unda belgilangan shartlar asosida davlat tomonidan rad etish tushuniladi. Konvensiyaning 41-moddasiga ko‘ra, har qanday tomon uni istalgan vaqtda denonsatsiya qilishi mumkin. Buning uchun Yevropa Kengashi Bosh kotibiga bildirishnoma yuboriladi. Denonsatsiya Bosh kotib tegishli bildirishnomani olgan kundan uch oy o‘tib, kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Putin Strategik qurollarni qisqartirish bo‘yicha shartnoma (START) dagi ishtirokini to‘xtatuvchi qonunni imzolagandi. Qonunga ko‘ra, START faoliyati to‘xtatilgan va Rossiyaning shartnomadagi ishtirokini qayta tiklash to‘g‘risidagi qaror davlat rahbari tomonidan qabul qilinishi mumkin ekani aytilgandi.
Avvalroq, 2022 yil 15 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Yevropa Kengashidan chiqishini e’lon qilgandi. Aytish joiz, Rossiya 1996 yildan beri Yevropa Kengashi a’zosi bo‘lib kelgan.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi