Rossiya xalqaro oltin zaxiralari uchun kurash boshlamoqchi

Olam

image

Rossiya banki oltin-valyuta zaxiralarini muzlatishga qarshi kurashadi va allaqachon sudga da’vo tayyorlamoqda. Bu haqda Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullina Davlat dumasida ma’lum qildi.

“Bu oltin-valyuta zaxiralarining misli ko‘rilmagan muzlatilishi, biz qonuniy choralar ko‘ramiz, hozir ularni olib kelishga tayyorlanyapmiz. Chunki bunday yirik davlatning oltin-valyuta zaxiralarining muzlatilishi jahon miqyosida misli ko‘rilmagan”, degan u.

Regulyator rahbarining ta’kidlashicha, zaxiralarning bir qismi muzlatilgani sabab qo‘shimcha valyuta nazorati normalarini joriy etishga to‘g‘ri kelgan.

Joriy yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, Rossiyaning xalqaro zaxiralar hajmi 606,5 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. G‘arb davlatlari sanksiyalar kiritilgandan so‘ng Rossiya oltin-valyuta zaxiralarining qariyb 300 mlrd dollardan ortiq valyuta qismini muzlatgan. Zaxiralarning muzlatilishi tufayli Rossiya tashqi qarz majburiyatlariga xizmat ko‘rsatishda muammolarga duch kelmoqda.

Solishtirish uchun, 2021 yil 1 aprelda Rossiya Federatsiyasining xalqaro zaxiralari 573,322 milliard dollarni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.

Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.

Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.

AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. 

9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.

6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi. 

7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

193

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing