Rossiya Qozog‘istonning yerlariga ko‘z olaytiryaptimi? To‘qayev javob berdi
Olam
−
17 fevral 2022
14063Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Qazaqstan” telekanaliga bergan intervyusida mamlakatning Rossiya bilan muonosabatlari xususida so‘z ochdi.
“Rossiya bizning Xudo tomonidan berilgan, yillar davomida yonma-yon birga yashab kelayotgan qo‘shnimiz hisoblanadi. Bu qozoq xalqiga taqdirning bitigidir, biz uni o‘zgartira olmaymiz. Aksincha, biz ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashda davom etishimiz kerak. Bu birinchi navbatda Qozog‘istonning strategik tamoyillariga mosdir”, degan Qozog‘iston rahbari.
Jurnalistning “Mosvka bizning yerlarimizga ko‘z olaytirayotgani haqida gaplar yuribdi” mazmunidagi savoliga To‘qayev shunday javob qaytargan:
“Haqiqatan ham bir necha rus siyosatchilari shimoliy hududlarimizni o‘ziniki deya hisoblashini ma’lum qilgan. Masalaga aniq javob beraman – bu asossiz va noo‘rin bayonotlar. Albatta, rasmiy Kreml bunday pozitsiyani qo‘llab-quvvatlamaydi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida ham hech qachon chegara borasida ziddiyatlar bo‘lmagan. Shaxsan Vladimir Putinning o‘zi menga hududlar borasidagi masalalar hech qachon ko‘tarilmasligi haqida va’da bergan. Shu sababli xavotirga hojat yo‘q. Shu yo‘sinda chegaralarimiz to‘liq va qat’iy belgilangan. Buni butun dunyo tan olgan. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda hech qachon kelishmovchilik bo‘lmagan. Rossiya Prezidenti ushbu tamoyillarga qat’iy sodiqligini namoyish etgan”.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Rossiya siyosatining bir necha vakillari Qozog‘istonning shimoliy hududlari sobiq Rossiya Imperiyasining vassali ekani, qozoq xalqi bu yerlarga SSSR parchalangan paytda noqonuniy ega chiqqani haqida ma’lum qilgan.
Hatto, Rossiya liberal-demokratik partiyasi rahbari Vladimir Jirinovskiy Qozog‘istonga Olma-ota shahrini Rossiyaga qaytarish talabini qo‘ygandi.
LiveBarchasi