Rossiya G‘arbga navbatdagi javob sanksiyalarini tayyorlamoqda
Olam
−
16 mart 2022
23577Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSH, Yevropa Ittifoqi hamda mamlakat fuqarolarining huquq va manfaatlarini buzib, noqonuniy sanksiyalarni qo‘llagan boshqa davlatlarning nodo‘stona harakatlariga javoban bir qator chora-tadbirlar tayyorlamoqda. Bu haqda Rossiya TIVning bugun, 16 mart kuni “Yagona Rossiya” partiyasi Bosh kengashining xalqaro hamkorlik va xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiyasining 2014-2022 yillardagi Ukraina inqirozi atrofidagi vaziyatga bag‘ishlangan brifingi yakunlari bo‘yicha xabarida ma’lum qilingan.
Brifingda ishtirok etgan Rossiya Federatsiyasi Davlat kotibi, TIV rahbarining o‘rinbosari Yevgeniy Ivanov o‘z nutqida TIV birlashgan kuchlarning nodo‘stona harakatlariga javob choralarini qonun doirasida tayyorlashini urg‘ulagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va boshqa bir qator davlatlar noqonuniy sanksiyalarni qo‘llash orqali Rossiya fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va manfaatlarini buzgan.
“Brifing davomida Donbassdagi mavjud gumanitar vaziyatga, ukrainalik radikallarning jinoiy harakatlaridan jabr ko‘rgan aholini oziq-ovqat va zarur insonparvarlik yordamlari bilan ta’minlashga, shuningdek o‘tgan yillar davomida buzilgan fuqarolik infratuzilmasini tiklash istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi TIV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, G‘arb mamlakatlari Ukrainada boshlangan urushga javoban Rossiyani har tomondan siquvga olib, og‘ir sanksiyalarni qo‘llay boshladi. Rubl kursi quladi, Rossiya banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. Markaziy bankning xorijdagi oltin-valyuta zaxiralari bloklandi. Millarderlarning ham chet eldagi ko‘plab hisoblari muzlatildi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
Bunday sanksiyalarga Rossiya ham jim qarab turmayapti. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi kecha, 15 mart kuni AQSHga qarshi javob sanksiyalarni e’lon qildi. Moskva “qora ro‘yxat”ga AQSH Prezidenti Jo Bayden, Davlat kotibi Entoni Blinken, Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, AQSH Prezidentining o‘g‘li Xanter Bayden va boshqalarni kiritgan.
LiveBarchasi