Rossiya erkaklar qochmasligi uchun chegarani yopadimi? So‘z Peskovga

Olam

image

Rossiya hukumati qisman safarbarlik e’lon qilingani munosabati bilan chegaralarni yopish bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilmadi. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

“Men bu haqda hech narsa bilmayman. Hozirda bu borada hech qanday qaror yo‘q”, deydi Peskov. 

Uning ta’kidlashicha, hozir haqiqatdan ko‘ra soxta xabarlar ko‘proq, safsatalarni dushmanlar ham, “uydagi vahimachilar” ham tarqatmoqda. U aholini soxta xabarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.

“Farmon buzilishi holatlari bor, ayrim viloyatlarda hokimlar vaziyatni to‘g‘rilash bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Bu borada mamlakatimiz jurnalistlari, jamoat tashkilotlari tomonidan faol va zarur ishlar amalga oshirilmoqda. Va bu juda muhim”, deya xulosa qilgan Prezident matbuot kotibi.

Avvalroq,  “Meduza” nashri Prezident ma’muriyatiga yaqin manbaga asoslanib, Rossiya hukumati safarbarlik yoshidagi erkaklar uchun chegaralarni yopmoqchi ekani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Rossiyada safarbarlik boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

Ob’yasnyayem.rf” hukumat portalida 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar birinchi navbatda safarbar qilinishi aytilgan. Safarbarlik ortidan rossiyaliklar ommaviy ravishda vatanini tashlab, xorijiy davlatlarga chiqib ketishni boshladi.

Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik doirasida 300 ming kishini armiyaga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

161

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing