Rossiya do‘stona bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatini kengaytirdi
Olam
−
30 Oktabr 2022
19090Rossiya hukumati do‘stona bo‘lmagan davlatlar va hududlar ro‘yxatiga yana 11 ta yangi sub’ektni qo‘shdi. Ularning barchasi Buyuk Britaniya tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlagan Britaniyaning xorijdagi hududlari hisoblanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi saytida keltirilgan.
Qayd etilishicha, ushbu ro‘yxatda Britaniya Antarktikasi hududi, Britaniya Hind okeani hududi, Kayman oroli, Folklend orollari, Montserrat oroli, Pitkern oroli, Muqaddas Yelena, Vozneseniya va Tristanda-Kunya, Janubiy Jorjiya va Janubiy Sandvich orollari keltirilgan.
Shuningdek, Kipr orolidagi Akrotiri va Dekeliya hududlari, Turks va Kaykos orollari ham do‘stona bo‘lmagan hududlar ro‘yxatiga qo‘shilgan.
Avval Britaniyaning faqat uchta chet el hududi do‘stona emas deb tan olingan edi. Bular Angilya oroli, Britaniya Virjiniyasi orollari va Gibraltar. Endi barcha 14 ta hudud ro‘yxatga kiritilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya 2018 yilda do‘stona bo‘lmagan mamlakatlar va hududlar ro‘yxatini tuzishni boshlagan. Mazkur ro‘yxatga Amerika Qo‘shma Shtatlari birinchi bo‘lib kiritilgan. Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus operatsiyasi” va G‘arb davlatlarining javob choralari boshlanganidan keyin ro‘yxat ishtirokchilari soni sezilarli darajada oshdi. Ayni paytda u ellikdan ortiq davlat, jumladan, dunyoning rivojlangan mamlakatlarini o‘z ichiga oladi.
LiveBarchasi