Rossiya bug‘doy masalasida YeOII davlatlariga bosim qilyapti – OAV
Olam
−
23 may 2022
24525Rossiya Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kiruvchi davlatlardan uchinchi mamlakatlar uchun g‘allaga nisbatan eksport kvotasi va bojlar joriy qilishni talab qilmoqda. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.
“Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining 20 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqining barcha a’zolariga uchinchi davlatlar uchun don eksportiga kvotalar va bojlar joriy etish taklifini kiritdi”, deyiladi xabarda.
Ittifoqchilar bunga rozi bo‘lmasa, Rossiya g‘allani YeOIIga eksporti bo‘yicha e’lon qilingan, 30 iyunga qadar amal qiladigan cheklovlarni yana cho‘zishi mumkin.
Rossiyada 2022 yilda rekord darajadagi bug‘doy hosili kutilayotganiga qaramay, rossiyalik regulyatorlar don eksportini qattiq nazorat qilishni davom ettirishga harakat qilmoqda, endilikda YeOII mamlakatlari darajasida ham. Agar ittifoq davlatlari eksportga cheklov qo‘ymasa, boshqa a’zolar Rossiya g‘allasining reeksporti bilan shug‘ullanishi va bundan yaxshigina foyda olishi mumkin.
Taklif etilayotgan eksport siyosatiga asosan Qozog‘iston qarshi bo‘lib, u o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlar doirasida xorijga don yetkazib berishni rivojlantirishdan maksimal darajada manfaatdor. Hozirgi cheklovlar, jumladan, qozoq donining reeksportchilari tomonidan Sibirda bug‘doyni keng miqyosda xarid qilishning kuchayishi bilan bog‘liq.
Hozir bug‘doy eksportiga davlat taqiqi faqat Belarusda joriy qilingan, boj va kvotalar bo‘yicha qarorlar Armaniston va Qirg‘iziston hukumatlari tomonidan tayyorlanmoqda, ammo Qozog‘iston kabi yirik oziq-ovqat eksportchisining pozitsiyasi chuqurroq o‘rganishni talab qiladi. Aynan shu sabab bu talablarga hozircha faqat Qozog‘iston jiddiy qarshilik ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda ham, Rossiyada ham bu yil g‘alla hosili juda yuqori hajmda bo‘lishi kutilmoqda.
“Bloomberg”ga ko‘ra, Rossiya va Ukraina jahonda g‘alla ekinlarining asosiy eksportchilari bo‘lib, bu davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat xalqaro maydonda bug‘doy ta’minoti barqarorligiga tahdid solmoqda.
Global eksportning 30 foizi shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Azov va Qora dengizdagi Rossiya bosib olgan ukrain portlari ukrain va rus bug‘doyini xalqaro bozorga eltadigan asosiy eksport marshrutidir.
Rossiya va Ukraina birgalikda yiliga 112 million tonnaga yaqin bug‘doy ishlab chiqaradi. Bu AQSH va Kanada bozorlarining umumiy hajmidan uch barobar ko‘p. Jahon bug‘doy savdosining chorak qismidan ko‘prog‘i, makkajo‘xori savdosining 20 foizi va kungaboqar yog‘i savdosining 80 foizi mazkur ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
LiveBarchasi