Rossiya bug‘doy eksporti uchun bojni oshirdi

Olam

image

Joriy yilning 20 aprelidan 26 apreligacha Rossiyadan bug‘doy eksporti bo‘yicha boj miqdori bir hafta oldingi 101,4 dollarga nisbatan 110,7 dollarga oshadi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida aytilgan.

Qayd etilishicha, 20 apreldan 26 aprelgacha arpa uchun eksport boji bir oy oldingi 75,4 dollarga nisbatan 76 dollarga oshadi, makkajo‘xori uchun boj o‘tgan haftadagi 65,8 dollardan 66,1 dollargacha oshadi.

Bug‘doy va meslin (bug‘doy va javdar aralashmasi) uchun eksport boji stavkasi bir tonna uchun – 358,2 dollar, arpa uchun – 293,6 dollar, makkajo‘xori uchun – 279,5 dollar bo‘lgan indikativ narxdan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Tariflar ular joylashtirilgan kundan keyingi uchinchi ish kunidan boshlab qo‘llaniladi va navbatdagi boj stavkalari belgilanguncha amal qiladi.

“2021 yil 1 aprelda Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2021 yil 2 iyundan kuchga kirgan don eksporti uchun “suzuvchi” bojni hisoblash mexanizmini sinovdan o‘tkazishni boshladi. 5 fevraldan boshlab bozor ishtirokchilari indikativ narx hisobini shakllantirish uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlarni Moskva birjasiga uzatmoqda. Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir hafta muddatga boj miqdorini belgilaydi. Hisoblangan yig‘imlar har hafta vazirlik veb-saytida e’lon qilinadi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Rossiya va Ukraina g‘alla ekinlarining jahon eksportchilari bo‘lib, bu davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat jahon bozorida bug‘doy ta’minoti zanjiriga putur yetkazishi xavfi bor. Global eksportning 30 foizi shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Yopilgan Azov dengizi va Rossiya bosib olgan Qora dengizdagi portlar ukrain va rus bug‘doyini xalqaro bozorga eltadigan asosiy eksport marshrutdir. 

Rossiya va Ukraina birgalikda yiliga 112 million tonnaga yaqin bug‘doy ishlab chiqaradi. Bu AQSH va Kanada bozorlarining umumiy hajmidan uch barobar ko‘p. Jahon bug‘doy savdosining chorak qismidan ko‘prog‘i, makkajo‘xori savdosining 20 foizi va kungaboqar yog‘i savdosining 80 foizi mazkur ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

306

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing