Rossiya Bolgariyaning 17 diplomatini “quvdi”
Olam
−
05 avgust 2022
4350Bolgariyaning Moskvadagi elchisi Atanas Kristin Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga taklif qilindi va unga Bolgariyaning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasalarining 14 nafar xodimini “persona non grata” deb e’lon qilingan nota topshirildi. Bu haqda Rossiya TIVning bugun, 5 avgust kuni tarqatilgan xabarida aytiladi.
“5 avgust kuni Bolgariya Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Atanas Kristin Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga taklif qilindi va u yerda unga vazirlikning Bolgariyaning Rossiyadagi diplomatik missiyasi va konsullik idoralarining 14 nafar xodimi “persona non grata” deb e’lon qilingan notasi topshirildi”, deyiladi xabarda.
Bu chora 70 nafar rossiyalik diplomatning Bolgariyadan chiqarib yuborilishiga, RFning diplomatik va ma’muriy-texnik xodimlari soniga kvota joriy etilishiga, shuningdek, Rusedagi Bosh konsullikning yopilishiga javob bo‘ldi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, Moskvaga qarshi qadamlar oqibatlari uchun javobgarlik to‘liq Kiril Petkov boshchiligidagi Bolgariya hukumati zimmasiga tushadi.
“Bizning fikrimizcha, bunday harakatlar nafaqat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy aloqalarga jiddiy zarar yetkazadi, konsullik xizmatlaridan mahrum bo‘lgan vatandoshlar huquqlarini poymol etadi hamda Rossiyaga zarar yetkazish uchun sheriklar manfaatlarini qurbon qilishga tayyor bo‘lgan jamoaviy G‘arbning yanada tanazzulga yuz tutishidan dalolat beradi. Rasmiy Sofiyaning ushbu buzg‘unchi yo‘nalishga so‘zsiz sodiqligi afsuslanarli”, deya qayd etilgan TIV bayonotida.
28 iyun kuni Bolgariya rahbariyati 70 nafar rossiyalik diplomat va Rossiya diplomatik vakolatxonalarining texnik xodimlarini, jumladan elchi maslahatchisi Filipp Voskresenskiyni, shuningdek, Rossiyaning Varna va Rusedagi bosh konsullari Vladimir Klimanov hamda Andrey Gromovni va Rossiya madaniy-axborot markazi direktori Andrey Gromovni chiqarib yuborishga qaror qildi. Ularning barchasi “persona non grata” deb e’lon qilindi. Xodimlar yetishmasligi sababli Rossiyaning Bolgariyadagi elchixonasi konsullik xizmati hamda Rossiyaning Varna va Rusedagi bosh konsulliklari o‘z faoliyatini qisman to‘xtatdi.
LiveBarchasi