Rossiya ayblovlari ortidan xalqaro mutaxassislar Ukrainadagi yadroviy inshootlarni tekshiradi
Olam
−
24 Oktabr 2022
4948Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) Rossiya “iflos bomba” dan foydalanishga tayyorgarlik ko‘rishda ayblagan Ukrainaga mutaxassislarini yuboradi. Bu haqda bugun, 24 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ma’lum qildi.
“Bosh direktor Rafael Grossi bilan suhbatda men XAEAga zudlik bilan mutaxassislarni Rossiya Federatsiyasi “iflos bomba” ishlab chiqarish joyi sifatida ta’riflayotgan Ukrainadagi noharbiy joylarga yuborishni rasman taklif qildim. U rozi bo‘ldi. Rossiyadan farqli o‘laroq, Ukraina shaffof bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi”, deydi Kuleba.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada yashirincha hech narsa yo‘q.
Iflos bomba – radioaktiv moddalarni an’anaviy portlovchi moddalar bilan birlashtirish mumkin bo‘lgan radiologik qurol. Qurolning maqsadi portlash zonasi atrofidagi hududni radioaktiv moddalar bilan ifloslantirish. “Iflos bomba”ni yadroviy qurol bilan chalkashtirib yubormaslik kerak, u yadro energiyasini chiqarish orqali oddiy portlovchi moddalar bilan erishilganidan ko‘ra ko‘proq vayronagarchilik va atrof-muhitga zarar keltiradigan portlash effektini yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, Shoygu kecha, 23 oktyabr kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles, Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornu va Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar bilan telefon orqali muloqot qildi. Rossiyalik vazir o‘z hamkasblariga Ukraina tomoni “iflos bomba” qo‘llanishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Bundan tashqari, Shoygu 21 va 23 oktyabr kunlari Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan telefonda gaplashgan.
LiveBarchasi