Rossiya AQSHdan ba’zi sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi
Olam
−
28 iyul 2022
16945Rossiyaning AQSHdagi elchixonasi Vashingtonni Rossiyadan oziq-ovqat yetkazib berishni sanksiyalardan chiqarib tashlash choralarini ko‘rishga chaqirdi.
“Biz AQSH hukumatini Rossiyadan oziq-ovqat va o‘g‘it yetkazib berishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita sanksiyalar cheklovlaridan chiqarib tashlashni kafolatlash uchun aniq choralar ko‘rishga chaqiramiz”, deyiladi elchixonaning ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan bayonotida.
Elchixonaning qayd etishicha, Rossiya xalqaro qishloq xo‘jaligi bozorlaridagi mavjud vaziyatdan xavotirda va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bilan bog‘liq eksport shartnomalari bo‘yicha “barcha majburiyatlarini vijdonan bajarish” niyatida.
Diplomatik vakolatxonaning iddaosicha, oziq-ovqat inqirozi G‘arb davlatlari siyosatidagi “tizimli xatolar” bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
LiveBarchasi