Rossiya AQSH va NATOning Markaziy Osiyodagi harbiy bazalari haqida qanday pozitsiyada?

Olam

image

Moskva Amerika Qo‘shma Shtatlari va Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) yoki ular uchun ishlayotgan afg‘onlarning harbiy infratuzilmasini qo‘shni davlatlarga, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo davlatlariga joylashtirishni nomaqbul deb hisoblaydi. Bu haqda bugun, 31 mart kuni  Xitoyda bo‘lib o‘tgan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining uchinchi konferensiyasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.

“Biz AQSH va NATOning yoki ularga xizmat ko‘rsatgan afg‘onlarning har qanday harbiy infratuzilmasini qo‘shni davlatlar hududida, birinchi navbatda, Markaziy Osiyoda joylashtirishni nomaqbul deb hisoblaymiz”, deydi Lavrov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat mintaqa davlatlarining xavfsizlik manfaatlariga, balki Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) hujjatlarida belgilangan majburiyatlarga ham zid bo‘ladi.

Shu bilan birga, vazir afg‘on qochqinlarini qo‘shni davlatlar hududiga joylashtirish bo‘yicha arizalarni juda ehtiyotkorlik bilan o‘rganib chiqishga va ehtimoli bo‘lgan salbiy oqibatlarni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqishga chaqirdi. Chunki bu mintaqaviy xavfsizlikka va alohida mamlakatlarga tahdid solishi mumkin.

Avvalroq, AQSH Afg‘onistondagi ehtimoliy tahdidlarga qarshi turish uchun rossiyaliklarning Markaziy Osiyodagi bazalaridan foydalanish imkoniyatlarini rasmiy Moskva bilan muhokama etayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari mamlakat hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarning O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik pozitsiyasini tanlagan va bu yo‘nalishda qat’iy turadi. Biroq, 1995 yilda O‘zbekiston NATOning “Tinchlik yo‘lidagi hamkorlik” dasturiga qo‘shilgan bo‘lib, aynan shu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

589

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing