Rossiya 2023 yilda AQSHdagi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida qatnashadi
Olam
−
12 dekabr 2022
3497Rossiya 2023 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari mezbonlik qiladigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotining sammitida ishtirok etadi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
“ Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotining yaxshi boshqaruvchilardan biri sifatida Qo‘shma Shtatlar 21 davlat blokiga a’zo bo‘lgan Rossiyani taklif qiladi”, deydi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti bo‘yicha yuqori martabali AQSH rasmiysi Mett Myurrey.
Qayd etish kerakki, Vashington va Moskva munosabatlari Rossiyaning fevral oyida Ukrainaga bostirib kirishi ortidan so‘nggi 60 yil ichidagi eng yomon ahvolga tushib qoldi. Rossiya buni “maxsus harbiy operatsiya” deb oqlaydi. Biroq bu G‘arb davlatlarining sanksiyalari va qoralashlariga sabab bo‘ldi.
Joriy yilning may oyida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitiga Tailand mezbonlik qilgan edi. Unda Rossiya Iqtisodiyot vaziri Maksim Reshetnikov nutq so‘zlagan. U gapirayotganda AQSH va boshqa ba’zi mamlakatlar vakillari Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga norozilik sifatida yig‘ilishni tark etgandi.
Mezbon Indoneziyaning taklifiga qaramay, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin noyabr oyida Balidagi G20 (yirik iqtisodiyotli 20 ta davlat) sammitida ishtirok etmadi. Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo G‘arb davlatlarining Rossiyani G20 dan chiqarib yuborish kerakligi haqidagi bosimlariga ham qarshi chiqdi.
Myurrey Putinning kelasi yili San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi yetakchilari yig‘ilishida ishtirok etishi haqida ma’lumot bermadi. Noyabr oyida Tailand mezbonlik qilgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotining yetakchilar yig‘ilishida Rossiya nomidan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov vakil qilgan edi.
LiveBarchasi