Ronaldu terma jamoa bazasidan nega ketib qolganini ochiqladi
Sport
−
10:23 516 3 daqiqa
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Jorje Jezus hujumchi Krishtianu Ronalduga bergan va’dasini ikki marta bajarmagan va shu sababli futbolchi terma jamoa bazasini tark etgan. Bu haqda Ronaldu Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Avvalroq, Ronaldu Millatlar ligasi guruh bosqichining uchinchi turi oldidan Portugaliya terma jamoasi yig‘inini tark etgani ma’lum bo‘lgan edi. Futbolchi qarorining sabablarini keyinroq tushuntirishini aytgan.
Ronaldu Norvegiyaga qarshi 2:1 hisobida yakunlangan uchrashuvda zaxirada qolgan edi. Keyinchalik u voqea tafsilotlarini ochiqlab, terma jamoa yig‘inini tark etishiga Jorje Jezusning harakatlari sabab bo‘lganini bildirdi.
“Lissabondagi Uelsga qarshi o‘yinda meni hech qanday muammosiz almashtirishdi va sardorlik bog‘ichini o‘zim Brunu Fernandeshga topshirdim. Men uchun eng muhimi g‘alaba qozonish edi. Norvegiyadagi o‘yin kuni murabbiy kutilmaganda mendan 30 daqiqa maydonda o‘ynashga tayyor turishimni so‘radi. Holbuki, tayyorgarlik rejamga ko‘ra, men o‘sha uchrashuvda maydonga tushmasligim kerak edi.
Bu iltimos jismoniy tiklanish va mashg‘ulotlar rejamda yo‘q edi. Chunki men yig‘inning so‘nggi o‘yinidagina maydonga tushishni rejalashtirgan edim. Shunga qaramay, rozi bo‘ldim. U o‘shanda 30 daqiqa o‘ynashim kerakligini aytdi. Tanaffusdan keyin zaxira o‘rindig‘ida daqiqalar o‘tishini kutdim, ammo meni maydonga chaqirishmadi. Murabbiy o‘z so‘zida turmadi”, deydi Ronaldu.
Futbolchining aytishicha, keyinchalik tomonlar o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tgan va Jezus matbuot anjumanida voqeaning haqiqiy sabablarini ochiq aytishi kerakligi haqida kelishib olingan.
“Biz matbuot anjumanida haqiqatni aytishga kelishib oldik: men o‘ynashni so‘ramaganman, bu uning qarori bo‘lgan. U meni qizishga chiqarib, keyin maydonga tushirmagani xato ekanini tan olishi kerak edi.
Kelishuv oddiy edi – murabbiy matbuot anjumanini shu mavzu bilan boshlaydi, masalani yopish va haqiqatni aytishga harakat qiladi. Ammo matbuot anjumanida biz kelishgan gaplarning hech biri aytilmadi. Men shaxsiy suhbatimizda aytilmagan va, menimcha, men loyiq bo‘lmagan so‘zlar hamda ohangni eshitdim”, deya qo‘shimcha qildi portugaliyalik futbolchi.
Ronaldu terma jamoa yig‘inini tark etish qarori haqida ham gapirdi.
“Keyingi harakatlarni kutmasdan yig‘inni tark etishga qaror qildim. Men uchun munosabatlarda eng muhimi – haqiqat. Qanchalik og‘riqli bo‘lmasin, menga haqiqatni aytishlarini xohlayman”, deydi Ronaldu.
Ma’lumot uchun, 41 yoshli Krishtianu Ronaldu besh karra Chempionlar ligasi g‘olibi, Yevropa chempioni va ikki karra Millatlar ligasi g‘olibi hisoblanadi. U milliy terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchilardan biri hisoblanadi. Ronaldu 2022 yil dekabridan buyon Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubida o‘ynab kelmoqda. U faoliyati davomida 979 ta gol urgan bo‘lib, ularning 146 tasi Portugaliya terma jamoasi, 833 tasi esa klublar safida kiritilgan.
Live
Barchasi