Robaxon Mahmudova jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Yaxshi ma’lumki, 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy vakillik organlari saylovi bu boradagi yangi siyosiy bosqichni boshlab beradi. Har bir ovoz – bu xalqning fikri, ularning talablariga asoslangan amaliy qadamlar uchun asos bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi bu jarayonda faol ishtirok etish, pirovardida, saylovchilar ishonchini qozonib, buni kelgusi besh yillikda amaliy yechimlar bilan oqlashga jiddiy hozirlanmoqda. Shu maqsadda partiya yetakchisi Robaxon Mahmudova rahbarligida partiya tizimidagi tuzilmalar vakillari, faollar, deputatlikka nomzodlar joylarda aholi bilan muntazam muloqotlar o‘tkazyapti. Har bir uchrashuvda partiyaning oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud-huquq, oila va xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy maqomini mustahkamlash bo‘yicha xalqchil takliflari muhokama qilinayotgani va bu jarayonlar xalqning ehtiyojlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishi ko‘p bora ta’kidlanayotgani esa e’tirofga sazovor.

Bugun, 12 oktyabr kuni Robaxon Mahmudova joriy saylov kampaniyasida aholi manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, shuningdek, partiyaning yangi saylovoldi dasturi mazmun-mohiyatini saylovchilarga xalqchil tilda tushuntirish va elektorat vakillari bilan yaqindan muloqot qilish uchun Jizzax viloyati Paxtakor tumanida bo‘lib, aholi bilan uchrashdi. Dastavval partiya yetakchisi tumandagi “Paxtakor” MFY guzarida bo‘lib, mahalla idorasi xodimlari, mahalla faollari, nuroniylar bilan uchrashdi. O‘zaro samimiy ruhda kechgan muloqotlarda mahalla vakillari so‘nggi yillarda mahalla institutini rivojlantirish, hududlar ijtimoiy infratuzilmasini yangi zamon talablari asosida mustahkamlash, mahalla idorasi odamlar muammolarini hal etish, ularning fikrlarini eshitish va davlat hayotidagi ishtirokini belgilashda birlamchi bo‘g‘in sifatida shakllanayotganini qayd etishdi.

Shuningdek, bu jarayonda deputatlar aholi muammolarini tizimli hal qilishda faolligi ancha jonlangani, o‘zbek xalqi siyosiy partiyalarning joriy saylov kampaniyasida olib borayotgan harakatlarini kuzatib borayotgani alohida ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, fuqarolar, ayniqsa, keksa avlod vakillari “Adolat” SDPning yangi Saylovoldi dasturida bu yo‘nalishlarda nimalar aks etgani bilan qiziqib, partiya yetakchisiga murojaat qildi. Robaxon Mahmudova paxtakorliklarning joriy muhim siyosiy tadbirga befarq emasligi, deputatlikka munosib nomzodlarini tanlab olishga jiddiy e’tibor berayotganidan mamnunligini bildirdi hamda partiyaning keksa avlod haqida qayg‘urishi doimiy diqqat-e’tiborida bo‘lishini ma’lum qildi.

“Bu borada keksalarga mo‘ljallangan turli-tuman tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi alohida kompleks sog‘lomlashtirish dasturini ishlab chiqish, ayniqsa, qariyalar bilan ishlaydigan shifokor-gerontologlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, shifoxonalar va poliklinikalarda qariyalar bilan ishlovchi shifokor-gerontolog shtatini joriy etishga alohida e’tibor qaratamiz”, dedi Siyosiy Kengash raisi. 

Shundan so‘ng Robaxon Mahmudova mahalla guzarida tashkil etilgan tikuv sexi faoliyati bilan tanishdi.

Siyosiy Kengash raisi sex faoliyatidan tanishgandan so‘ng tuman moliya bo‘limi hududida joylashgan “Adolat” SDP targ‘ibot-tashviqot punkti ishini o‘rgandi. O‘rganish davomida partiyaning hududdagi taniluvchanligi, partiya faoliyatidan xabardorlik darajasini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, buning mahalliy aholi hayotidagi ijtimoiy va siyosiy faoliyatga ta’siriga alohida e’tibor qaratildi. Boisi ushbu punkt mahalliy aholining muammolarini aniqlash, ularning fikrlarini tinglash va aholining siyosiy jarayonlardagi ishtirokiga ko‘maklashishda juda muhim ahamiyatga ega.

Robaxon Mahmudova partiyaning yangi Saylovoldi dasturi fuqarolarning ijtimoiy huquqlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiy rivojlanish, ekologik muhofaza va ijtimoiy adolat kabi muhim masalalarni qamrab olganiga urg‘u berib, aholini “Adolat” SDPga ovoz berishga chaqirish uchun jarayonlarni yuqori saviyada o‘tkazish, partiya maqsadlarini xalqchil tilda tushuntirib berish zarurligini ta’kidladi. Partiya yetakchisi mahalliy tadbirkorga faoliyat turini kengaytirish, mahsulotlarni nafaqat ichki bozor, balki eksportga ham yo‘naltirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng partiya yetakchisi tuman moliya bo‘limi faollar zalida “Adolat” SDP Jizzax viloyat Kengashi mas’ullari, deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar, partiya faollari, mahalla faollari va OAV vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvni “Adolat” SDP Jizzax viloyat Kengashi raisi Orif Shukurov kirish so‘zi bilan ochib, viloyat Kengashi tomonidan saylov kampaniyasi davrida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari, punktlar faoliyati, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari yuzasidan ma’lumot berdi. Jumladan, saylovchilarni “Adolat” SDP nomzodlari, partiyaning asosiy g‘oya va takliflari, 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi bilan tanishtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlar izchillikda davom etayotganini qayd etdi.

Uchrashuv davomida Siyosiy Kengash raisi Robaxon Mahmudova “Adolat” SDPning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan yangi Saylovoldi dasturi mazmun-mohiyati, xususan, aholi farovonligi, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aks etgan g‘oya va takliflari yuzasidan so‘z yuritdi.

“Partiyamiz kelgusi besh yillikda boshqa yo‘nalishlar qatori xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlarni yanada kengaytirishga ham ustuvor ahamiyat qaratadi. Albatta, bunda biz ularning huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash hamda onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatni olib borishimizni alohida ta’kidlashni istardim”, dedi Robaxon Mahmudova.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Adolat” SDPning yuqoridagi maqsad va rejalari asosida yangi Saylovoldi dasturda muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan, uzoq vaqtdan buyon yechimini kutayotgan muammolarni hal qilish uchun samarali va xalqchil takliflar o‘rin olgan. Masalan, xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ayniqsa, yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish choralarini kuchaytirish, zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlariga uchragan ayollarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha maxsus elektron platforma yaratish, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollarga hamda bolalarga davlat tomonidan bepul beriladigan vitaminlar, yod va foliy kislotasining o‘z vaqtida va to‘liq ajratilishini ta’minlash ustidan parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatish shular jumlasidandir.

Siyosiy Kengash raisi mazkur takliflarni partiya kelgusi besh yillikda amaliyotda joriy etish bo‘yicha ijtimoiy adolatni ta’minlash, ayollarning huquqlarini mustahkamlash va oiladagi ijtimoiy muammolarni hal qilishda faol ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilganini qayd etdi. Shuningdek, mamlakat ijtimoiy siyosatini yanada kuchaytirish, ayollarning huquqlarini himoya qilish va ularning ijtimoiy ahvolini yaxshilashga intilishi hamda shu orqali O‘zbekistondagi har bir ayol va bolaning farovonligi, sog‘lom hayot kechirishi va ijtimoiy muammolarni aniqlashda faol ishtirok etishni ta’minlash ekanini alohida ta’kidladi.

Uchrashuv davomida saylovchilarga viloyat Kengashi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlariga ko‘rsatilgan nomzodlar Saylovoldi dasturlari tanishtirildi. Xususan, 17-Jizzax saylov okrugidan deputatlikka nomzod Maxsuda Qarshiboyeva so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga o‘z Saylovoldi dasturida aks etgan muhim takliflar yuzasidan ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, unda asosiy e’tibor tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlashning samarali tizimini shakllantirish hamda tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularning huquqlarini kafolatlashga qaratilgan.

Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashiga nomzod Dilbar Hakimova kelgusi besh yillik faoliyatida ta’lim sohasini yanada takomillashtirish, talaba-yoshlarning o‘qish davrida o‘z mutaxassisligidan kelib chiqib amaliyot o‘tashlari va munosib ish bilan ta’minlanishi maqsadida partiya ilgari surayotgan “Kafolatlangan birinchi ish joyi” loyihasini viloyatda oshirish zarurligini ta’kidladi.

Yakunda uchrashuv ishtirokchilari partiyaning yangi Saylovoldi dasturida e’tiborni tortgan ayrim jihatlar, takliflar xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing