Rim papasi Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga bormoqchi

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 3 may kuni Rim papasi Fransisk Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish uchun Moskvaga borib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“Men urush boshlangandan 20 kun o‘tib kardinal Parolindan Putinga Moskvaga borishga tayyor ekanligim haqida xabar yuborishini so‘radim. Biz hali javob olmadik hamda Putinning hozir bu uchrashuvni amalga oshirmasligidan qo‘rqsamda, uni undashda davom etmoqdamiz”, deydi pontifik “Corriere della Sera” gazetasiga bergan intervyusida.

Shuningdek, Fransisk “hali Kiyevga bormasligini” aytgan. 

“Men u yerga kardinal Maykl Cherni va kardinal Konrad Krayevskiyni yubordim. Lekin o‘zim borishim shart emasligini his qilyapman. Avval Moskvaga borib, Putin bilan uchrashishim kerak

Ammo men shunchaki ruhoniyman, nima ham qila olardim? Qo‘limdan kelganini qilaman. Qaniydi, Putin eshikni ochsa”, deydi Rim-katolik cherkovi rahbari.

U Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganidan so‘ng, darhol Prezident Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilgani hamda Putin bilan esa faqat dekabr oyida 85 yoshga to‘lgan kunidagina gaplashganini eslagan. 

“Men aniq signal berishni xohladim va shuning uchun ham Rossiya elchisini yo‘qladim. Undan nima bo‘layotganini tushuntirishi hamda to‘xtashni so‘radim”, degan Fransisk Vatikanning protokol amaliyoti uchun noodatiy bo‘lgan 25 fevraldagi Rossiya elchixonasiga tashrifini eslab.

Uning qo‘shimcha qilishicha, butun Rus va Moskva patriarxi Kirill bilan uning uchrashuvi “14 iyun kuni Quddusda” bo‘lib o‘tishi kerak edi.

“Bu bizning ikkinchi shaxsiy uchrashuvimiz bo‘lardi (2016 yil fevral oyida Gavanadagi uchrashuvdan keyin – tahr.). Lekin hozir biz buni to‘xtatib turishga rozimiz, aks holda noaniq signal beriladi”, degan Fransisk.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rim papasi Fransiskni Ukrainaga tashrif buyurishga taklif qilgandi. Bunga javoban Rim papasi Kiyevga safar qilishni ko‘rib chiqayotganini bildirgan.

 

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing