Reyting: MMA’ning eng boy chempionlari kimlar?
Sport
−
01 iyul 2021
10482South China Morning Post nashri aralash yakkakurashlar (MMA) tarixidagi eng boy sportchilar reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra ikki vazn toifasida UFC sobiq chempioni Konor Makgregor 400 million dollar bilan birinchi pog‘onada qayd etilgan.
Yengil vazn toifasida sobiq UFC chempioni Habib Nurmuhamedov esa ikkinchi pog‘onada qayd etilgan. Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, Nurmuhamedovning boyligi 40 million dollarni tashkil etadi.
Keyingi o‘rinlarni ikki vazn toifasida sobiq UFC chempioni Jorj Sen-Per (30 million dollar), og‘ir vazn toifasida sobiq chempion Brok Lesnar (25 million dollar) va ikki vaznda eks-chempion Bi Jey Penn (22 million dollar) egalladi.
32 yoshli Makgregor so‘nggi marta joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan UFC 257 turniri doirasida Dastin Porega mag‘lub bo‘lgandi. Bahsning ikkinchi raundida Dastin Konorni nokautga uchratishni uddalagan edi. Irlandiyalik sportchi faoliyati davomida 27 ta jang o‘tkazib, 22 g‘alaba va 5 mag‘lubiyat qayd etgan. UFC tarixida ikki vazn chempionligini qo‘lga kiritgan dastlabki jangchi hisoblanadi.
32 yoshli Nurmuhamedov esa 2020 yil oktyabr oyida o‘tkazilgan UFC 254 turniri doirasida Jastin Getjini bo‘g‘ish usuli bilan mag‘lub etdi. Jangdan keyin rossiyalik sportchi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. U MMAda o‘tkazgan 29 ta jangining barchasida raqiblarini mag‘lub etgan. Shuningdek, UFC promoushenida 13 marta g‘alaba qozongan. Getji bilan jang Habib uchun otasi Abdulmanap Nurmuhamedov vafot etganidan keyingi birinchisi bo‘lgan edi. Joriy yil 19 martda tashkilot prezidenti Dana Uayt Nurmuhamedovning sportdan ketganini rasman tasdiqladi.
Ma’lumot o‘rnida, Konor Makgregor va Habib Nurmuhamedov 2019 yilning oktyabr oyida UFC 229 musobaqasining asosiy kardida to‘qnash kelgan va bellashuvning 4 raundida Habib raqibini bo‘g‘ish uslubi bilan mag‘lub etgan. Jang yakunida esa katta janjal kelib chiqqan edi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15