Retseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxati kengaytiriladi – SSV

Jamiyat

image
Retseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxati yangilandi north_east

Retseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxati yangilandi

Iste’molchilarga retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati yangilanib, ortiqcha ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyidan Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i asosida Retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati keskin kamaytirilgach, iste’molchilarning tashvishiga tashvish qo‘shildi. Ya’ni monopreparatlar pozitsiyasi 105 taga, majmuaviy preparatlar ro‘yxati esa 118 taga qisqarib ketdi.

“Oqibatda retseptsiz ham berilishi mumkin bo‘lgan dorilarni xarid qilish uchun bemor yo‘l bosib, vaqt yo‘qotib, navbat kutib shifokor qabuliga kirishga majbur bo‘lmoqda. Bordi-yu, qo‘shimcha tekshiruvlar talab etilsa, yana navbat asosida tibbiy xulosani olgach, vrach huzuriga takror kirib retsept yozdirib olishiga to‘g‘ri kelyapti. 

Bunday ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlar aholining tibbiyot tizimiga nisbatan ishonchi kamayishiga, qolaversa, farmatsevtika kompaniyalarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Negaki,  qonunchilik talablariga ko‘ra, retsept asosida beriladigan preparatlarni targ‘ibot qilish taqiqlangan. Bu esa aholining zarur dori vositalari haqidagi ma’lumotlardan xabardorligini cheklamoqda. 

Masalan, tempalgin, mukomilt, deksaflyu, tabeks kabi qator preparatlarni chet el dorixonalaridan hech qanday cheklovlarsiz xarid qilsa bo‘ladi. Bizda esa buning uchun retsept so‘ralyapti”, deyiladi vazirlik xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ana shu muammolarga yechim topish uchun kelib tushayotgan e’tiroz va murojaatlar, qolaversa, xalqaro amaliyot hamda xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda amalda bo‘lgan Retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini bekor qilib, uni yangilash bo‘yicha buyruq loyihasini ishlab chiqqan. Unga muvofiq,  retseptsiz beriladigan preparatlar ro‘yxati kengaytirilmoqda. 

Yangi buyruq yaqin kunlarda regulation.gov.uz portalida muhokamaga qo‘yiladi va Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingach, kuchga kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

52

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing