Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tashkil etiladi – Prezident yangi qaror imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilind.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi va 2019-2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyasi doirasida tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va undan barchaning foydalana olish imkoniyatini ta’minlash, tibbiyot ilm-fanining zamonaviy yutuqlari va texnologiyalarini joriy etish, aholi sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Aholi salomatligini ta’minlash, tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatish, turli xil, ayniqsa surunkali kasalliklar profilaktikasida va ularni davolashda sifat, xavfsizlik va samaradorlik jihatidan amalda sinalgan xalq tabobati muhim o‘rin tutadi.

O‘tgan davr ichida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida xalq tabiblari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish sohasida huquqiy baza shakllantirildi, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tashkil etildi, xalq tabobatining usullari va yutuqlarini samarali va xavfsiz tarzda qo‘llash uchun birinchi navbatdagi shart-sharoitlar yaratildi, uni rivojlantirishning asosiy maqsadlari va yo‘nalishlari belgilab berildi.

Shu bilan birga, amalga oshirilgan ishlar tahlili xalq tabobati xizmatlarini ko‘rsatishni, uning usullari samaradorligini baholash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, xalq tabobatini zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimiga izchil integratsiyalash, ushbu yo‘nalishda mutaxassislar va boshqa tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish zarurati mavjudligidan dalolat bermoqda.

Xalq tabobatining kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha samarali usullarini zamonaviy tibbiyot amaliyotiga jadal integratsiyalash, fuqarolar salomatligini yanada mustahkamlash, ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida:

1. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Xalq tabobati sohasidagi 2014-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiya amalga oshirilayotgani ma’lumot uchun qabul qilinsin. Uning maqsadi quyidagi yo‘nalishlarda a’zo mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat:

salomatlik, osoyishtalik, insonlarga qaratilgan tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatishni ta’minlash, tibbiy-sanitariya xizmatlari sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan yalpi qamrab olishni kengaytirish hamda iste’molchilarga o‘z sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilish borasida ongli tanlov uchun imkoniyatlar yaratishda xalq tabobatining salohiyatidan foydalanish;

me’yorlar va qoidalarni belgilash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda xalq tabobati mahsulotlari va amaliyotini sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiyalash, kadrlar malakasini oshirish, davolash ko‘nikmalari, xizmatlari va usullarini takomillashtirish yo‘li bilan xalq tabobatini xavfsiz va samarali qo‘llashga lozim darajada ko‘maklashish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlarini jalb qilgan holda, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi, “Tabobat” akademiyasi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-2025 yillarda O‘zbekistonda xalq tabobatini rivojlantirish konsepsiyasini maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar) hamda uni amalga oshirishga doir yillar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bilan birgalikda tasdiqlashni nazarda tutuvchi qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Ushbu Konsepsiyani ishlab chiqishda quyidagilarga alohida e’tibor qaratilsin:

taklif etilayotgan chora-tadbirlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi PF–5590-son Farmoni bilan tasdiqlangan va hozirda amalga oshirilayotgan 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi bilan uzviy bog‘liqligi;

aniq mexanizmlar va bosqichlarni ko‘rsatgan holda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalq tabobati sohasidagi 2014-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida nazarda tutilgan tavsiyalar va takliflarni amalda bajarish;

Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, Vetnam, Fransiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarning xalq tabobatini rivojlantirish borasidagi ilg‘or institutsional tajribasini, shu jumladan, joyiga borib keng o‘rganish;

o‘tkazilgan tahlillar va tadqiqotlar asosida xalq tabobati vositalari va usullarining sifati hamda xavfsizligini tartibga solishning institutsional mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, uning asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasining 2020 yil 1 maydan:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomiga ega Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi (keyingi o‘rinlarda – Respublika markazi);

tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida mazkur qarorning 8-bandida ko‘rsatilgan moliyalashtirish manbalari bilan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlarini (keyingi o‘rinlarda – Hududiy markazlar) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

4. Quyidagilar Respublika markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:

xalq tabobati usullaridan, shu jumladan, o‘zbek xalq tabobatining tarixiy an’analari va o‘ziga xos merosidan foydalangan holda kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash, shuningdek, boshqa tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning samaradorligini tahlil qilish va o‘rganish;

xalq tabobatining asosiy yo‘nalishlarini (fitoterapiya, akupunktura, ayurveda, gomeopatiya, yoga, moksoterapiya, naturopatiya, osteopatiya, termal tibbiyot, xiro-amaliyot, sigun va boshqalar) rivojlantirish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashda va zamonaviy tibbiyotda ularni qo‘llash bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlar tayyorlash;

xalq tabobatini kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash masalalarida zamonaviy tibbiyotga integratsiyalash bo‘yicha, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot va laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazish orqali takliflar tayyorlash;

xalq tabobatida foydalaniladigan o‘simliklarni o‘stirish va o‘simlik ko‘rinishida bo‘lmagan xomashyo tayyorlashni, ushbu yo‘nalishda laboratoriya va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish, shuningdek, xalq tabobatida eng ko‘p ishlatiladigan o‘simliklar va xomashyoni o‘stirishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

xalq tabobati bo‘yicha mutaxassislarni, tibbiyot xodimlarini va tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni Hududiy markazlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

fuqarolar salomatligini ta’minlashda xalq tabobatining rolini oshirish borasidagi muammolarni o‘rganish va takliflar tayyorlash yuzasidan ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish;

xorijiy mamlakatlarning xalq tabobati vakili bo‘lgan tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik qilish, mamlakatimizda xalq tabobatini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha birgalikda anjumanlar, forumlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish.

5. Quyidagilar:

Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Xalq tabobatini rivojlantirish markazlari tashkil qilinayotgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Belgilansinki:

Respublika markazi xalq tabobati sohasida bosh muassasa, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi esa ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha klinik baza hisoblanadi;

Respublika markazi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) tashkiliy tuzilmasiga kiradi va unga hisobdor bo‘ladi;

Respublika markaziga O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;

Respublika markazi direktori mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Vazirlik bosh boshqarmasining boshlig‘iga tenglashtiriladi;

Respublika markazi Vazirlikning ilmiy-amaliy, tadqiqot va boshqa muassasalarini optimallashtirish hisobiga to‘ldiriladi;

Hududiy markazlar Respublika markazining joylardagi bo‘linmalari hisoblanadi, Respublika markazi ularga metodik rahbarlik qiladi va faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Hududiy markazlarda o‘qitish Vazirlik tomonidan tasdiqlangan, Respublika markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi va “Tabobat” akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha pullik asosda amalga oshiriladi;

Hududiy markazlarda o‘qitish qiymatining miqdori Respublika markazi tomonidan belgilanadi;

Hududiy markazlarga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish Vazirlik tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Hududiy markazlarning bitiruvchilariga xalq tabobati bo‘yicha malaka oshirganlik to‘g‘risida rasmiy hujjat deb tan olinadigan belgilangan shakldagi sertifikat beriladi;

xalq tabobati bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarga Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi xalq tabobatining tegishli yo‘nalishlarida faoliyat olib borish huquqini beruvchi guvohnoma beriladi;

Hududiy markazlarning direktorlari Respublika markazi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi;

Hududiy markazlarda o‘qituvchilik faoliyatiga tibbiyot va farmatsevtika oliy ta’lim muassasalari hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining professor-o‘qituvchilar tarkibi, xalq tabobati bo‘yicha mutaxassislar va tibbiyot xodimlari jalb qilinadi;
Hududiy markazlar xodimlariga tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida tegishli lavozimlar uchun o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi;

talab yuqori bo‘lgan dorivor o‘simliklarni yetishtirish va tayyorlash hamda xalq tabobati sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda tegishli tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari balansida turadigan va Hududiy markazlarga doimiy foydalanish uchun beriladigan 1 gektargacha bo‘lgan maydonga ega mini-plantatsiyalar (keyingi o‘rinlarda – mini-plantatsiyalar) tashkil qilinadi;

Hududiy markazlarda ilg‘or ilmiy izlanishlar va tadqiqot ishlari olib borish uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish hamda ularni zarur asbob-uskunalar, texnika va boshqa moddiy-texnik resurslar bilan jihozlash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Vazirlik, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi va “Tabobat” akademiyasi bilan birgalikda 2020 yil 1 iyulga qadar muddatda mini-plantatsiyalar tashkil qilish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni tanlash va ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlarini amalga oshirsin.

8. Hududiy markazlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar, shu jumladan, xalq tabobati bo‘yicha mutaxassislarni, tibbiyot xodimlarini va tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishdan tushgan mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari grantlari;

tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘lari (grantlar, texnik ko‘maklar
va boshqalar);
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning xayriya mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

9. Vazirlik va O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasining 2020 yil 1 maydan quyidagilarda xalq tabobati xonalarini ochish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

tuman (shahar), viloyat va respublika darajasidagi davlat ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarida va ushbu muassasalar tibbiyot xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 1 nafardan shtat birligini ajratish orqali ularni to‘ldirish;

nodavlat tibbiyot tashkilotlarida.

Vazirlik bir oy muddatda ushbu band talablarini hisobga olgan holda nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan tibbiy faoliyatni amalga oshirishning litsenziya talablari va shartlarini qayta ko‘rib chiqish qismi bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni ta’minlasin.

10. Vazirlik ikki hafta muddatda quyidagilarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

Hududiy markazlarning tuzilmasi va nizomi;

Hududiy markazlarda tinglovchilarni o‘qitish dasturi;

kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash masalalarida xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot bilan hamkorligi va integratsiyasini nazorat qilish mexanizmlari hamda tartibi.

11. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan xalq tabobati usullarini qo‘llagan holda kasalliklarni davolash uchun tavsiya etiladigan hamda mahalliy tabiiy va o‘simliklardan olinadigan xalq tabobati dori vositalari ro‘yxati shakllantirilganligi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3968-son qarorida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, ko‘rsatadigan xizmat turlari, aloqa va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish ko‘zda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Vazirlik Fanlar akademiyasi bilan birgalikda mazkur ma’lumotlar bazasiga xalq tabobati usullarini qo‘llagan holda kasalliklarni davolash uchun tavsiya etiladigan tabiiy va o‘simliklardan olinadigan dorilar, xalq tabobati vositalari, shuningdek, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish choralarini ko‘rsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

har yilgi davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari loyihalarini shakllantirishda xalq tabobati bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalari uchun tanlov e’lon qilinishini ta’minlasin;

Vazirlikning asoslantirilgan hisob-kitoblari va Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kuzatuv kengashi qarorlari asosida Jamg‘arma mablag‘larini mazkur qarorga muvofiq Hududiy markazlarda zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish va ularni zarur asbob-uskunalar, texnika va boshqa moddiy-texnik resurslar bilan jihozlash uchun yo‘naltirishni ta’minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Respublika markazi buyurtmanomalariga asosan Hududiy markazlar faoliyatini va keyinchalik ishlashini tashkil etish maqsadida xorijiy mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasiga jalb qilish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishi (muddati uzaytirilishi), shuningdek, ushbu xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishi (muddati uzaytirilishi)ni belgilangan to‘lovlarni undirmagan holda ta’minlasin.

14. Vazirlik:

a) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

uch oy muddatda Hududiy markazlar faoliyatini va keyinchalik ishlashini tashkil etish jarayoniga xorijiy davlatlardan, shu jumladan, xalq tabobati eng yaxshi rivojlangan Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, Vetnam, Fransiya va Rossiya davlatlaridan xalq tabobati masalalari bo‘yicha mutaxassis va ekspertlarni jalb qilishni ta’minlasin;

uch oy muddatda xalq tabobati sohasida istiqbolga va rivojlanish tajribasiga ega bo‘lgan mamlakatlar bilan ushbu sohada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, ilmiy-ta’lim loyihalari va dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha memorandum va kelishuvlarni imzolashning maqsadga muvofiqligi va mexanizmlari to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2020 yil yakuniga qadar respublikaning (tashkilotlarning) xalq tabobati sohasidagi xalqaro professional tashkilotlarga (Jahon akupunktura va moksoterapiya assotsiatsiyalari federatsiyasi, Jahon xiro-amaliyot federatsiyasi, Jahon gidroterapiya va klimatoterapiya federatsiyasi, Jahon xitoy tibbiyoti jamiyatlari federatsiyasi va boshqalarga) a’zo bo‘lishi masalasini ko‘rib chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflarni kiritsin;

b) Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2020 yil 1 avgustga qadar Hududiy markazlar kutubxonalarini Abu Ali ibn Sino, Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy, Abu Mansur Qumriy, Ismoil Jurjoniy kabi qomusiy olimlar, faylasuflar, tabiblar va xalq tabobati sohasidagi boshqa buyuk ajdodlarning ilmiy merosini o‘rganish bilan bog‘liq ishlar to‘plamlarining nusxalari bilan ta’minlasin;

v) O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi, “Tabobat” akademiyasi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda aholi o‘rtasida xalq tabobatining, kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolashda qo‘llaniladigan dorivor o‘simliklarga asoslangan tabiiy mahsulotlarning afzalliklarini keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin.

15. Respublika markazi Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Parkent ko‘chasi, 51-uy manzilida joylashtirilsin.

16. Vazirlik ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Mazkur qarorning bevosita ijrosini ta’minlash quyidagi shaxslar zimmasiga yuklansin:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – mazkur qarorni sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida ijro qilish, mas’ul vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va hokimliklar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ularning rahbarlari hisobotlarini muntazam eshitish, aniqlangan muammo va kamchiliklarni tezkor bartaraf etishni ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K.Shodmonov – Respublika markazi va Hududiy markazlar ishi samarali tashkil etilishi, ularning kelgusida faoliyat yuritishini ta’minlasin, O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, boshqa xalqaro va nohukumat tuzilmalar bilan yaqin va faol hamkorlikni o‘rnatsin;

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari B.Q.Yusupaliyev – kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash masalalarida xalq tabobatining zamonaviy tibbiyotga bosqichma-bosqich integratsiyalashuvini, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarni xatlovdan o‘tkazish va ularni keyinchalik tegishli guruhlarga tasniflashni ta’minlasin;

mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – barcha tadbirlarni mazkur qarorga muvofiq belgilangan muddatlarda so‘zsiz va sifatli bajarsin, qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda Vazirlikka yordam ko‘rsatsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 10 aprel


Maqola muallifi

Teglar

xalq tabobati

Baholaganlar

16

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing