Rekordlarni yangilagan anomal sovuq yoxud qishni qo‘shnilar qanday o‘tkazyapti? (fotoreportaj)
Bu qiziq
−
14 yanvar 2023
29958Shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab havo haroratining anomal pasayishi kuzatilmoqda, bundan tashqari, bir qator hududlarda kuchli qor yog‘ishi ham qayd etildi. Shimoldan kirib kelgan arktika havo massalarining bunday holatlarni vujudga keltirishi odatiy hol emas. Kuni kecha Qozog‘istonda kuzatilayotgan anomal o‘zgarishlar haqida xabar bergan edik, bugungi maqolamizda esa Markaziy Osiyo va jahonning boshqa mamlakatlarida kuzatilgan va kuzatilayotgan anomal sovush haqida ma’lumot beramiz.
Qirg‘iziston
12-13 yanvar kunlari Qirg‘izistonda yaqin vaqt ichidagi eng sovuq kunlar bo‘lishi kutilgandi, shahar hududlarida havo harorati kunduzi -10 daraja sovuqdan -19 darajagacha, kechasi esa -12 darajadan -22 darajagacha sovuq qayd etilgan. Tog‘ va tog‘oldi hududlarda esa kunduzi -14 darajadan -23 darajagacha, kechasi -17 darajadan -35 darajagacha, hatto -38 darajagacha sovuq bo‘lishi kuzatilgan. 12 yanvar kuni kechqurun mamlakatning deyarli barcha hududlarida qor yog‘di, shuningdek yo‘llar ham muz bilan qoplandi. Anomal sovuq kirib kelishi fonida Qirg‘izistonda maktab ta’tillari 16 yanvargacha uzaytirildi. Bugun, 14 yanvar kuni ham Qirg‘izistonda sovuq havo saqlanib qolmoqda, kunduzi mamlakat bo‘ylab havo harorati 7-13 darajagacha, kechqurun 12-22 darajagacha, ayrim tog‘li hududlarda -27 darajagacha, poytaxt Bishkekda kunduzi -12, kechasi -18 darajagacha sovushi kutilmoqda.
Tojikiston
10 yanvar kuni Tojikistonlik sinoptiklar aholini yaqinlashib kelgan noqulay ob-havo sharoitidan ogohlantirdi. Xabarda aytilishicha, eng past harorat Bulunko‘l hududida – -50 darajagacha, Tog‘li-Badaxshon avtonom viloyatida esa -37 darajagacha sovuq bo‘lishi kutilgan. 10-11 mamlakatning aksariyat hududlarida eng kuchli qor yog‘ishi, shamol tezligi sekundiga 17-22 metr tezlikkacha yetishi mumkinligi ham xabar qilingan. Shu bilan birga, 11—14 yanvar kunlari mamlakatning aksariyat hududlarida havo harorati 15-20 daraja, tog‘li hududlarda esa -25 darajagacha sovuq bo‘lishi mamlakat meteorologlari tomonidan ma’lum qilingan. Rasmiylar yo‘llarning muzlagani tufayli haydovchilarni ehtiyotkorlikka, tezlikni oshirmaslikka chaqirgan. 9 yanvar kuni Dushanbe-Xo‘jand avtomobil trassasi kuchli qor yog‘ishi tufayli yopilgan edi, shuningdek, 10 yanvar kuni qor ko‘chish xavfi bo‘lgan bir qancha hududlarda harakatlanish cheklangan yoki to‘xtatilgandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 14-18 yanvar kunlari havo harorati asta-sekin isiy boradi. Bugun poytaxt Dushanbeda havo harorati 9-14 daraja sovuq, qolgan hududlarda 10-18 darajagacha sovuq bo‘lishi kutilmoqda.
Turkmaniston
Turkmanistondagi holat biroz yengilroq kechishi kutilmoqda, mutaxassislarning ta’kidlashicha, sovuq havo massalari dastlabki kunlarda shimoliy hududlarga, so‘ngra janubiy hududlarga o‘tishi taxmin qilinmoqda. 11 yanvar kuni mamlakat shimolida 15-20 daraja, 12 yanvar kuni esa 17-22 darajagacha harorat tushishi, Janubiy hududlarda esa 12 yanvar kuni 18-23 daraja, Karabil tepaligida esa -25 darajagacha sovuq kuzatildi. 10-11 yanvar kunlari Kushka shahrida 20 sm qalinlikdagi qor yog‘gani xabar qilindi. Turkmaniston Ichki ishlar vazirligi esa aholidan ayozli kunlarda yong‘in xavsizligiga rioya qilishni so‘ragan. Bugun poytaxt Ashxabodda 8-12 daraja, qolgan hududlarda 10-15 darajagacha, tog‘li manzillarda esa -20 darajagacha sovuq bo‘lishi kutilmoqda.
Afg‘oniston
12 yanvardan boshlab taxminan bir hafta davomida mamlakat tog‘li hududlarida kechasi 25-30 daraja, janubiy tekisliklarda 10-15 daraja, shimolda 12-17 daraja, ayrim hududlarda 18-23 daraja sovuq bo‘lishi xabar qilingandi.
Rossiya
Yil boshida Rossiyaning Yevropadagi qismida anomal sovuq kuzatilishi haqida xabar berilgandi. 7 yanvar kuni tunda Moskva shahrida -21 daraja sovuq qayd etilgan, Moskva viloyatida harorat -29 darajagacha pasaygan, Markaziy hududlar va Volga bo‘yida -35 darajagacha, Yevropaga kiruvchi mamlakat hududlarida -42 darajagacha sovuq kuzatildi. 11 yanvar kuni Yevropada joylashgan hududlarda havoning nisbatan ilishi kuzatildi, Moskvada termometrlar -11,5 darajani ko‘rsatgani haqida yozishmoqda. Ammo Rossiyaning Osiyoda joylashgan hududlarining shimoliy va shimoli-sharqiy qismlarida havo harorati juda pastligicha qolmoqda. Arktikaning sharqiy qismidan kelayotgan havo massalarining esa yanada sovushiga olib kelishi mumkinligi ham aytilmoqda. Xanti-Mansiysk okrugida harorat -40 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda, 11 yanvar kuni Yoqutistonda esa havoning yil boshidan beri ikkinchi marta -60 darajagacha sovushi kuzatildi, Saxa Respublikasining Jilinda qishlog‘ida havo harorati -61,9 darajagacha pasaygan, bu 1979 yildan beri eng past harorat edi. Bunday past harorat mamlakat bo‘ylab hafta oxirigacha saqlanib qolishi aytilmoqda. 14 yanvar kuni Yoqutistonda havo harorati 58-63 darajagacha sovushi kutilayotgani xabar qilindi, shuningdek Krasnoyarsk o‘lkasida -55 daraja, Irkutskda esa -58 darajagacha sovuq bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu hududlar bugunga kelib Rossiyadagi anomal sovuqning ta’siri saqlanib qolayotgan manzillaridir.
XXI asrda bir qancha mamlakatlarda sovuq haroratning mutlaq rekord darajalari qayd etilgan, quyida ularning ro‘yxatini keltiramiz:
• 2000 yil 13 iyul kuni Paragvayda – 7,5 daraja sovuq qayd etilgan;
• 2001 yil 24 dekabrda Germaniyada havo harorati ¬-45,9 darajagacha tushgan;
• 2003 yil 13 yanvar kuni Xorvatiya tarixidagi eng sovuq harorat – -34,6 daraja qayd etilgan;
• Xitoyda 2009 yil 31 dekabrda -58 daraja sovuq kuzatilgan;
• 2009 yil 3 yanvarda Quvaytda aniqlangan -4,8 daraja sovuq, davlat tarixidagi eng pasti edi;
• 2013 yil 15 dekabrda Iordaniyada rekord darajadagi -16 daraja sovuq qayd etilgan;
• Italiya tarixidagi eng past harorat 2013 yil 10 fevralda qayd etilgan bo‘lib, u -49,6 daraja edi;
• 2015 yil 10 yanvar kuni Isroilda -14,2 daraja sovuq qayd etilgan;
• 2017 yil 3 fevral kuni Birlashgab Arab Amirliklarida - 5,4 daraja sovuq qayd etilgan, mana shu sovuqning o‘ziyoq mutlaq rekord uchun yetarli bo‘lgan;
• 2017 yil 5 fevral kuni Qatarda tarixdagi eng sovuq kun qayd etilgan, qanchalik ajablanarli bo‘lmasin bu rekord havo harorati +1,5 daraja edi;
• 2017 yil 12 dekabrda Janubiy Amerikadagi Kyurasao davlatida +18,9 daraja qayd etilgan bo‘lib, bu mamlakat tarixidagi eng sovuq kun hisoblanadi.
• 2019 yil 24 iyunda Indoneziyada -9 daraja sovuq qayd etilgan va bu natija ushbu paytgacha kuzatilganlarning eng pasti edi.
Javohir Ergashev
LiveBarchasi