Referedumda qancha fuqaro ro‘yxatga kiritilgani ma’lum qilindi
Jamiyat
−
30 aprel 2023
6945Referendumda ovoz berish uchun saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga 19 million 722 ming 809 nafar fuqaro kiritilgan. Bu haqda bugun, 30 aprel kuni Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tayotgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, respublikada fuqarolar uchun referendumda ovoz berish uchun 10 703 ta saylov uchastkasi tayorlangan. O‘zbekistonning 39 ta davlatda xorijiy mamlakatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkalari mavjud.
Referendumda ovoz berish birinchi bo‘lib O‘zbekistonning Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand, Xitoy, Hindistondagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan referendum uchastkalarida boshlandi.
Xorijiy davlatlarda tuzilgan 55 ta referendum uchastkalarida ovoz beruvchilar ro‘yxatiga jami 307 ming 895 nafar fuqaro kiritilgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 19 aprelidan 26 apreliga qadar referendumda muddatidan oldin ovoz berishda jami 611 ming 320 nafar fuqaro qatnashdi.
Shuningdek, ayrim fuqarolar sog‘ligidagi muammolar va boshqa sabablarga ko‘ra referendumda qatnasholmasa, fuqaroning iltimosiga ko‘ra ko‘chma ovoz berish qutilari olib boriladi. Bunday fuqarolar turgan joyida ovoz berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 30 aprel kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasi bo‘yicha referendum uchun ovoz berish bo‘lib o‘tmoqda. Referendumda joriy yilning 19-26 aprel kunlari 611 320 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi.
LiveBarchasi