“Ravon” olgim kelyapti, paxta tergim kelyapti, deb she’r o‘qigan shoirga hokim avtomobil sovg‘a qildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari kunida “Ravon" mingim kelyapti, paxta tergim kelyapti”, deb she’r o‘qigan shoirga avtomobil sovg‘a qilindi. Bu hodisa Andijonda ro‘y berganini rasman tasdiqlab Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati yozmoqda. 

Joriy yilning 10 noyabr kun Andijon viloyati Xonobod shahrida “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir davomida shoir Sharofiddin Boltaboyevga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yangi Nexia-3 avtomobilini sovg‘a qilgan. 

“Andijonning erka shoir o‘g‘li, vatan kuychisi Sharofiddin Boltaboyevga yurtni madh etuvchi she’rlari uchun viloyat hokimining qimmatbaho sovg‘asi, yengil avtomashina topshirildi”, deyiladi Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabarida.

Shoir bu yilgi paxta mavsumining ilk kunlaridan o‘zi tug‘ilgan Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani dalalarida terimchilar bilan birga paxta tergan. Bu haqda Qo‘rg‘ontepa hokimligi matbuot xizmatining Facebook’dagi sahifasida shunday xabar qoldirilgan. 

“Shoir paxta dalalarida tushlik payti bo‘lgan vaqtlarda, hasharchi paxtakorlar nomidan yozilgan,

Shahdi o‘tkir qilichdan,

Shuhrat Qo‘shaqboyevichdan,

“Ravon” olgim kelyapti,

Paxta tergim kelyapti!

kabi misralarni o‘z ichiga olgan yangi she’rlarini o‘qib eshittirish bilan birga, paxta dalasiga kirib tumanimiz hamda viloyatimiz xirmoniga amalda hissa qo‘shishga ham ulgurdi”.

Shoir viloyat hokimining ilg‘or terimchilarga avtomobil sovg‘a qilayotganidan, viloyat paxta topshirish rejasini tez kunda bajarishidan ruhlanib, “Yuksak marra, dovon muborak!” va “Paxta tergim kelyapti” she’rlarini yozib ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan. 

Dovon muborak

Andijonim! Yuksak marra, dovon muborak,

Oq oltindan bo‘y cho‘zgan tog‘ - xirmon muborak,

Joriy qilding yangi tizim KLASTERlarni

INNOVASIYA g‘oyalaring, imkon muborak!

Yurtboshimiz faxr bilan e’zozlagan yurt,

Har onlaring quvonch bo‘lsin, g‘amlarni unut,

Gar yo‘qlasang, o‘pkam to‘lib shod kunlaringda

Poytaxtlardan uchib kelay, shoiringni kut!

Sharobiddin har satrida sen sharaf, shonim,

Yuragimning ardog‘isan, jon Andijonim!!!

Paxta tergim kelyapti

Qarsillatib she’r o‘qib,

Yangi misralar to‘qib,

Kuch olaman mehrli

Ko‘zlaringizga boqib.

Paxta - oq oltin tillo,

Dur, chaman sochar jilo,

Mayli, bellarim qotsin

Kunda terib 100 kilo.

Ko‘krak kergim kelyapti,

Paxta tergim kelyapti.

Kelib hol so‘ramasam,

Yozda suv taramasam,

Aytgin, qanday bolangman

Koringga yaramasam.

Aylanay, zabtingizdan,

Isindim taftingizdan,

Chanoq tilgan, yorilgan

Qadoq qo‘l kaftingizdan.

Duo olgim kelyapti,

Yurtda qolgim kelyapti.


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

114

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing