Rasmiy matbuotda Karimov davrida jurnalistlarning tili qulf bo‘lgani aytildi
Jamiyat
−
09 avgust 2019
24768O‘zbekistonda o‘zgarishlar katta. Ayniqsa, qalamkashlarga jon kirgan. Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sobir O‘narning O‘zAda e’lon qilingan maqolasidan ham buni payqash mumkin. Yozuvchi O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligiga atalgan maqolasida mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshqaruvi davrida qalamkash, yozuvchi, jurnalistning muammo aytishga tili qulf bo‘lganini aytadi.
Yozuvchi so‘z avvalida O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillarni xotirlab, o‘sha davrdagi muammolar qanday bartaraf etilganiga to‘xtaladi va ularni alqaydi.
"Chorak asrdan ziyod davrda jamiyatda ko‘p evrilishlar yuz berdi. Mustaqillikning dastlabki yillarida siyosatda, ichki tizimda muayyan prinsiplar muhim rol o‘ynagan. Mamlakat iqtisodi, armiya, chegara, boshqaruv mexanizmi, hokimiyat uchun oshkora va maxfiy kurashlar, tarafkashlik, guruhbozlik, mahalliychilik, moskvaparastlik, GKCHP... Oson emas, qiyin, tahlikali davr edi boshida. Rahbar keragida murosachi, vaqti kelsa qat’iy bo‘lishi shart edi. Axir, bu yoqda xalq taqdiri, kelajagi turibdi!
Shunday bir qiyin zamonda mustaqillik saqlab qolindimi – saqlandi, BMT va boshqa tashkilotlarga a’zo bo‘lib, xalqaro huquq tiklandimi – tiklandi. Ba’zi kichikroq respublikalardagi kabi ichki urush, muxolifatga yon berish yoki yutqazishlar ro‘y bermadimi – buyam uddalandi. Mayli-da, kimdir norozi, kimdir rozi. Muhimi, tinchlik barqaror saqlandi. Tinchlik bor joyda taraqqiyot bo‘ladi.
O‘tgan davr haqida fikrlab ko‘rganda aynan barqaror tinchlik saqlab qolingani eng katta yutug‘imiz hisoblanadi", deydi yozuvi.
Biroq, u o‘tgan davrda mamlakatda muammolar to‘planib qolgani, bularga esa nafaqat ko‘z yumib, balki tilni ham tishlab kelinganini aytadi. Sobir O‘narga ko‘ra, mamlakatda matbuot berk bo‘lgan, xalqning turmushi bilan hech kim qiziqmagan.
"Mustaqillikning keyingi, taraqqiy etishi zarur bo‘lgan bosqichida qator muammolar yig‘ilib qolgani ma’lum ham bo‘ldi. Hozirgi tub o‘zgarishlar, keng islohotlar shu ulkan muammolarni bartaraf etish tamoyiliga asoslangan. O‘tgan vaqt ichida kimdir bizdan ko‘proq taraqqiy etganini bilardik, ammo aytib bo‘lmasdi: matbuot berk, ijtimoiy tarmoq yo‘q edi. Xalqdan esa “sen ko‘rayotgan kuningdan rozimisan?” deb so‘ralmagan. Ijtimoiy muammolar, haqsizlik, ko‘ziga yomon ko‘ringan odamga atay bosim o‘tkazish, buning oqibatidagi adolatsizlik, ma’lum bir yo‘nalishdagi rahbarlar – hokimiyat, xavfsizlik, huquq sohasidagi kattalarning ashaddiy korrupsiyaga berilib ketishlari mamlakat iqtisodining ma’lum qismini o‘pirib ketganini endi bilayapmiz".
Yozuvchi o‘tgan uch yilda mamlakatdagi o‘sishni alohida tilga oladi. Uning aytishicha, Prezident ijtimoiy tarmoqlardagi fakt va dalillar orqali xulosa chiqaryapti.
"Keyingi uch yilda xalq uchun keng miqyosda qulaylik, farovonlik eshiklari lang ochildi. Eng muhimi, jurnalistlarga haqni haq deb gapirish imkoniyati berildi. Bu judayam katta gap. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda bayon etilgan fakt, dalil va fikrlar orqali Prezident o‘zi xulosa chiqarishga o‘tdi".
Sobir O‘nar maqolaning kulminatsion nuqtasida Prezident Karimov boshqaruvidagi 25 yilda mamlakatda chorak asr davomida jurnalist, qalamkash va yozuvchilar Prezidentga rahmatdan nariga o‘tmagan.
"Jurnalist, qalamkash, bloger xalqqa qayishib yozadi-da bir muammoni. Bundan Prezident xabar topib, darhol chora ko‘rayotgan bo‘lsa – yaxshi-ku. Bundan oldingi chorak asrda qalamkash, yozuvchi, jurnalistning muammo aytishga tili qulf edi-ku. Xuddi bog‘cha bolasidek “ura-ura, Prezidentga rahmat!” deyishdan nariga o‘tmay qoluvdik".
O‘narning fikricha, endi qalam ahli nafaqat ijtimoiy muammoni ko‘tarmoqda, balki uning to‘la hal etilishiga hissa qo‘shmoqda. Bu jurnalist uchun erkkina emas, mas’uliyat ham yuklaydigan ulkan hodisa.
Sobir O‘nar maqola o‘zining Turkiyada o‘tgan kunlarini yodga oladi.
"Yaqinda sayyohlik ishtiyoqi bilan o‘n kun Turkiyada bo‘ldim. O‘zi chet el sayohatiga ko‘p ham qiziqmayman-u, ammo borgan zahoti odamlarning kayfiyatiga e’tibor berdim. Hech kimning ko‘zida vahima yo‘q, ertangi kunidan xavotir olishni sezmaydi. Madaniyat juda yuqori, bir gugurt xarid qilsangiz ham do‘konchadan “cho‘h tashakkurlar” eshitasiz.
Shaharsozlik o‘ta rivojlangan, masalan Antaliyaning biror joyida mashina tirbandligini, qizil chiroqda o‘tayotgan piyoda yoxud yo‘l o‘rtasida quduq ko‘rmadim. To‘xtash taqiqlangan belgilarga onda-sonda duch kelasiz va u yerda qoidabuzarlik qilgan haydovchi ham yo‘q, o‘zi umuman yelkasida “police” degan yozuvi bor shaxslarni faqat aeroportda ko‘rdim.
Biz ham bir-birimizga shunday takalluf ko‘rsatsak edi, deb orzu qildim".
Sobir O‘narning Turkiya haqida yozganlari biroz afsonadek tuyuldi. Muallif mamlakatdagi siyosiy,siyosiy iqtisodiy inqirozlardan, dollar kundan kunga oshib borayotganidan, xalqning turmushi pasayayotgani, mamlakatning mavjud hukumatiga ishonchsizlik urchiyotganidan bexabar ko‘rinadi. Aynan turk matbuoti o‘sha O‘zbekistonda chorak asr davom etgan "ura-ura"chilik libosini kiygan-ku.
Ammo uning quyidagi aytganlarida jon bor:
"Markazdagi oshxona, do‘kon va mehmonxona qimmat bo‘lishi mumkin, ammo chekka bir mavzening eng chekka oshxonasi ham chekkaligi uchun mijozsiz qolmaydi, ayniqsa, kechqurunlari xushkayfiyat bilan o‘tirgan, choy ichib qo‘shiq aytayotgan mijozlarga ko‘zingiz tushadi. Masjidda azon tovushi eshitilsa, kimdir borib namozini ado qiladi-da, yana kelib xo‘randaligini davom ettiradi. Allamahalgacha shu manzara. Odamlar xotirjam, hayotdan ko‘ngli to‘q.
Puli tugab qolishi, ishsiz qolishi, uyi buzilishi, ishlayotgan idorasi tugatilishidan cho‘chib olazarak yurganlar ham bordir, albatta. Ammo men ko‘rmadim".
U maqolasini yakunlarkan, "o‘zbekning ham hayot tarzida shunday xotirjamlikni, cho‘chimaslikni ko‘rgim keldi...", deydi u.
LiveBarchasi