Rasman: O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashdi
Jamiyat
−
30 noyabr 2020
51865O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgan. Shu bois poytaxtdagi koronavirus bemorlarini taqsimlash markazlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilmoqda. Bu haqda SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ma’lum qilgan.
Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan hozirgacha koronavirusga qarshi kurashishda aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Atlas” savdo-ko‘ngilochar markazi va “Yoshlik” sport majmuasida ochilgan taqsimlash markazlari vaqtinchalik yopilgan.
Taqsimlash markazlarining yopilish sabablaridan biri – koronavirusga chalingan bemorlar soni kamaygani bilan bog‘liq.
“Toshkent shahrida taqsimlash markazlarining yopilishi, poytaxtda, umuman mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashganini anglatadi”, deydi Sevara Ubaydullayeva.
Mutaxassis ayni vaqtda ko‘plab davlatlarda koronavirusning uchinchi to‘lqini boshlanayotgani, bu esa yana bir bor xushyor tortishga asosiy sabab ekanini aytadi.
“To‘g‘ri, ko‘plab mamlakatlarda koronavirus keng tarqalmoqda, ko‘plab davlatlar ikkinchi to‘lqindan aziyat chekmoqda. Bu bizni hushyorlikka chaqirishi lozim. Shunga ko‘ra, bugungi kunda davlat va barcha manfaatdor vazirlik, idoralar epidemiologik vaziyatni nazorat qilish bo‘yicha ishlar olib borishmoqda va kasallik dinamikasi oshganda yopilgan ob’ektlar qayta tezkor ravishda ochiladi.
Bundan tashqari, mamlakat shifokorlari va olimlari pandemiya davrida koronavirusga chalingan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha katta tajriba orttirishdi, shuningdek, kasbiy mahoratlarini ham oshirishdi.
Shuningdek, koronavirusga bemorlarini davolashga ixtisoslashgan barcha mavjud markazlar zarur yotoq-o‘rinlari, tibbiyot uskunalari va dori vositalari bilan ta’minlangan, shuningdek, malakali tibbiyot xodimlari ham biriktirilgan. Markazlar yopilgan taqdirda ham ushbu ta’minotlar saqlanib qolinadi. Takroriy to‘lqinda ushbu markazlar va resurslar aholiga qayta yuqori malakali yordam ko‘rsatish uchun tiklanadi”, deydi Sevara Ubaydullayeva.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungacha koronavirusga chalinganlar 72 974 kishini tashkil etmoqda. Mamlakatda 70 198 nafar bemor sog‘aygan va sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda. Ushbu kasallikdan vafot etganlarning rasmiy soni esa 612 nafar. Ayni vaqtda 2164 nafar bemorning davolanishi davom etmoqda.
LiveBarchasi