Rasman! O‘zbekistonda kibersport alohida sport turi etib belgilandi
Jamiyat
−
16 noyabr 2022
13123O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Respublikada kibersportni xavfsiz rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha ekotizim yaratish, musobaqalar va turnirlarni tizimli ravishda o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional kibersportga yo‘naltirish, axborot texnologiyalari va IT-industriya uchun salohiyatli kadrlarni tayyorlash va ularni sohaga jalb qilish ishlarini yanada kengaytirish maqsadida:
1.Respublikada kibersport rasman alohida sport turi sifatida e’tirof etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2.Quyidagilar kibersport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
• kibersport turlari bo‘yicha professional sportchilar (kibersportchilar) va trenerlar, malakali hakamlar va sharhlovchilar hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash tizimini joriy qilish;
• kibersport turlari bo‘yicha respublika va xalqaro chempionatlar va turnirlar tashkil etish, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda munosib ishtirok etish;
• kibersport turlari bo‘yicha ilmiy va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va adabiyotlar ishlab chiqish hamda nashr etish;
• kibersport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va kengaytirish, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilishni rag‘batlantirish;
• kibersport turlariga nisbatan ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish.
3. Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi respublikada kibersport turlarini rivojlantirish va keng ommalashtirishga mas’ul vakolatli davlat organlari etib belgilansin.
Bunda, ularning vazifalari quyidagicha belgilansin:
• Sportni rivojlantirish vazirligi – kibersportni rasmiy sport turi sifatida targ‘ib qilish, u bo‘yicha mahalliy va xalqaro chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni tashkil etish, jahon kibersport maydonida O‘zbekistonning mavqeini yaxshilash bo‘yicha choralarni ko‘rish;
• Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi – kompyuter o‘yinlari sanoati bo‘yicha mahalliy va xorijiy kompaniyalarga zarur shart-sharoitlar yaratish, respublika miqyosida kibersport chempionatlari, turnirlari va boshqa musobaqalarni tashkil etishga ko‘maklashish;
• Yoshlar ishlari agentligi – o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida kibersport turlariga yoshlarni, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlarni keng jalb qilish va ularning ushbu yo‘nalishdagi yutuqlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish, kibersport bo‘yicha xalqaro chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarda mahalliy kibersportchilar ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
4. Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining 2023 yildan boshlab an’anaviy tarzda kibersport turlari bo‘yicha:
• har yili aprel oyida “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatini;
• har yili dekabr oyida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” turnirini;
• har yili iyun oyida “Yoshlar kubogi” turnirini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
5.Belgilansinki:
a) “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 apreldagi PQ–201-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq uch bosqichda tashkil etiladi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat bosqichlari onlayn tarzda o‘tkaziladi;
b) “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati 2024 yil 1 yanvardan boshlab, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” turniri esa 2023 yil 1 yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublikakalendar rejasiga kiritiladi;
v) “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlari, shuningdek, kibersport turlari bo‘yicha boshqa chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha maxsus portalni (keyingi o‘rinlarda – Portal) yaratish va moliyalashtirish hamda doimiy texnik qo‘llab-quvvatlash Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi (keyingi o‘rinlarda – IT-park) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, Portalni yaratish uchun mablag‘lar IT-parkka Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ajratiladi;
g) “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar 2023 yilda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
• chempionatning respublika final bosqichini o‘tkazish uchun – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan IT-parkka bir martalik ajratiladigan 1,5 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan;
• chempionatning tuman (shahar) va viloyat bosqichlarini o‘tkazish uchun – sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy kalendar rejasi, Yoshlar ishlari agentligining byudjetdan tashqari jamg‘armasidan teng ulushlarda ajratiladigan jami 2 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi;
d) 2024 yildan boshlab “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar hisoblanadi:
• sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga mazkur maqsadlar uchun Davlat byudjeti hisobidan ajratilgan mablag‘lar;
• hududiy “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari mablag‘lari;
• jamg‘armalar, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablag‘lari;
• yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
• qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6.Soliq kodeksining 369-moddasi 1-bandiga muvofiq “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlari, shuningdek, kibersport turlari bo‘yicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarda g‘olib hamda sovrindor bo‘lgan kibersportchilarga biryo‘la beriladigan pul mukofotlari va sovg‘alar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmasligi va, o‘z navbatida, soliqqa tortilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7. Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish bo‘yicha idoralararo kengash (keyingi o‘rinlarda – Idoralararo kengash) tashkil qilinsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Quyidagilar Idoralararo kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
• mamlakatimizda kibersport turlari salohiyatini o‘rganish, ushbu sohada zamonaviy standartlarni joriy qilishni tashkil qilish;
• yoshlar o‘rtasida kibersport turlari bo‘yicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni (shu jumladan, “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlari) tashkil etish va ommalashtirish;
• kibersport turlari bo‘yicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash, shu jumladan, ular doirasida o‘tkaziladigan kibersport turlarini belgilash;
• kibersport turlari bo‘yicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni o‘tkazish uchun xarajatlar smetasini tasdiqlash va moliyalashtirish hajmlarini belgilash;
• kibersport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalarining jahon va Osiyo chempionatlari hamda boshqa xalqaro turnirlarda ishtirokini ta’minlash;
• kibersport turlari bo‘yicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarni rag‘batlantirish choralarini belgilash;
• kibersportni yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish.
9. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish chora-tadbirlari dasturi
2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
• kibersport ligasini tashkil qilish va uning doirasida kibersport klublari o‘rtasida tizimli ravishda kibersport liga musobaqalarini o‘tkazish;
• kibersportni yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish borasida sport federatsiya (assotsiatsiya)lari faoliyatini kuchaytirish;
• kibersportni rivojlantirish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish;
• kibersportchilarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni kamaytirish;
• kibersportda “ping” muammosini bosqichma-bosqich bartaraf qilish;
• jahon bozorida raqobat qila oladigan kibersport o‘yinlarini ishlab chiqish va tijoratlashtirish;
• kibersportning istiqbollari haqida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish;
• kibersport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarda sog‘lom sport madaniyatini shakllantirish, ular tomonidan qonunga xilof va g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish.
10. Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining:
• O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat ta’lim yo‘nalishini ochish hamda ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘qish muddatini 3 yil etib belgilash;
• “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan kibersportchilarni 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirishdan ozod qilish va ularga maksimal ball berish;
• kibersport faoliyatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritish;
• Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida kibersport turlari bo‘yicha trenerlar,sharhlovchilar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
11. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) Sportni rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, kibersport bo‘yicha samarali faoliyat olib borayotgan sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda milliy kibersport o‘yinlarini yaratish va targ‘ib qilish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutiga 2023 yilda grant ajratsin.
12.Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) Sportni rivojlantirish vazirligi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga (XALIKK-2020) kibersport treneri, kibersport hakami va boshqa kibersport mutaxassislari kiritilishini ta’minlasin.
13.Yoshlar ishlari agentligi, Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2023 yil 1 yanvardan boshlab:
• kibersport klublariga ularning bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarini qoplash uchun hududiy “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan har oyda 3 oy davomida 15 million so‘mgacha pul mablag‘larini ajratish;
• ajratilayotgan mablag‘larni kibersport klublariga alohida shartlar (kibersportchilarni tayyorlash, trener jalb qilish, musobaqalarda ishtirok etish va boshqalar) asosida berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Yoshlar ishlari agentligi, Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda kibersport klublariga pul mablag‘larini ajratish shartlarini belgilasin va e’lon qilsin.
14. Olimpiya shaharchasi ob’ektlarini loyihalash, qurilish-montaj, jihozlash va moliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruhining Toshkent shahri, Yashnobod tumanida barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasida kibersport turlari bo‘yicha chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni o‘tkazish uchun zamonaviy kiberzonani tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Bunda, kiberzona, shu jumladan, quyidagilardan iborat bo‘lishi belgilab qo‘yilsin:
• chempionatlar, turnirlar va musobaqalar o‘tkaziladigan maxsus zal;
• mobil kibersport mashg‘ulotlari zali;
• server uskunalari saqlanadigan joy;
• o‘quv-mashg‘ulot markazi;
• chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritish, ssenaristlar, rejissyorlar, tahlilchilar va sharhlovchilar uchun studiya;
• kibersport mahsulotlari va tovarlarini reklama hamda realizatsiya qilish shoxobchasi.
Belgilansinki, kiberzona faoliyatini tashkil qilish bilan bog‘liq xarajatlar Olimpiya shaharchasi ob’ektlarini loyihalash, qurilish-montaj va jihozlash ishlari uchun belgilangan manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Olimpiya shaharchasi ob’ektlarini loyihalash, qurilish-montaj, jihozlash va moliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruhi (A.Aripov) kiberzonaning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ishlab chiqilishi hamda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin, shuningdek, loyiha ob’ektlari o‘z vaqtida va sifatli qurilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
15. Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi:
• Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2023-2024 yillarda zamonaviy kibersport arenalarini tashkil qilish, ularni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlash, kibersport turlari bo‘yicha xalqaro turnirlarni o‘tkazish uchun xalqaro tashkilotlar grantlari, texnik ko‘mak va boshqa tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘rsin;
• “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlarining saralash bosqichlari o‘tkazilishini ta’minlasin.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda kibersport bo‘yicha samarali faoliyat olib borayotgan sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan birgalikda ikki oy muddatda har bir hududning bitta tumani (shahri)da kibersportning kamida ikkita turini ommalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlasin. Bunda, 2023 yildan boshlab hududlarda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilsin:
• sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy kalendar rejalariga kibersport turlari bo‘yicha musobaqalarni kiritish hamda tizimli ravishda hududiy sport musobaqalarini o‘tkazish, shu jumladan, har yili bir marotaba “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi kubogi” va “Hokim kubogi” turnirlarini tashkil qilish;
• kibersport bo‘yicha tizimli ravishda hududiy sport musobaqalarini o‘tkazish uchun mahalliy byudjetlar mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalarini jalb qilish;
• musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarni pul mukofotlari, diplom, medal, kubok va boshqa sovg‘alar bilan taqdirlash;
• kibersport bo‘yicha hududiy sport federatsiya (assotsiatsiya)larini tashkil qilishni qo‘llab-quvvatlash, mavjud sport federatsiya (assotsiatsiya)lari hududiy bo‘linmalarining faoliyatini kengaytirishga ko‘maklashish.
17.O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) bir oy muddatda kibersport turlariga nisbatan ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishga qaratilgan maqolalar e’lon qilish, tematik teleko‘rsatuvlar namoyish etish bo‘yicha media-reja qabul qilsin.
18. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X.Shermatov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Sa’dullayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2022 yil 16 noyabr
LiveBarchasi