Rasman: Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar tashqi kuchlar ishtirokida sodir etilganini aytdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonning izchil va barqaror rivojlanishidan manfaatdor bo‘lmagan turli buzg‘unchi tashqi kuchlar ham mavjud. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 iyul kuni bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi. 

U Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarga to‘xtalar ekan, unda tashqi kuchlarning ishtiroki yuqori bo‘lganini urg‘uladi. 

“Hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida yangi keskinlik o‘choqlari paydo bo‘lmoqda, millatlar va konfessiyalar o‘rtasida qarama-qarshiliklar kuchaymoqda, radikalizm va ekstremizm xavfi tobora ortib bormoqda.

Mana shunday tahlikali sharoitda biz barqarorlik va xavfsizligimizga ziyon yetkazadigan har qanday tahdid va xatarlarga keskin qarshi turishimiz shart.

Ayni vaqtda shuni e’tirof etish kerakki, mamlakatimizning izchil va barqaror rivojlanishidan manfaatdor bo‘lmagan turli buzg‘unchi tashqi kuchlar ham mavjud. 

Ushbu kuchlar tomonidan yurtimizdagi osoyishta vaziyatni izdan chiqarish, fuqarolarimizning ishonchiga kirib, ularni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga qaratilgan g‘arazli maqsadlar amalga oshirildi va bunday urinishlar bundan keyin ham sodir bo‘lishi mumkin”, deydi davlat rahbari. 

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, agar o‘z vaqtida qat’iy chora ko‘rilmasa, mehnatkash va bunyodkor O‘zbekiston xalqi o‘n yillar davomida mashaqqat bilan erishgan yutuq va marralar g‘arazli tashqi kuchlarning ta’siri bilan jiddiy xavf ostida qolishi mumkin. 

“Agar doimo hushyor va ogoh, qat’iyatli bo‘lib ish ko‘rmasak, yurtimiz, xonadonlarimiz tinchligi va osoyishtaligi, farzandlarimiz kelajagi osongina xavf ostida qolishi hech gap emas ekan.

Mana shu haqiqatni, bugungi kunda qanday notinch va murakkab zamonda yashayotganimizni joylardagi barcha rahbarlar yana bir bor har tomonlama chuqur tushunib olishlari lozim", deydi davlat rahbari. 

So‘zi so‘ngida davlat rahbari xalqqa murojaat qilib. mamlakatning isyonkor tashqi kuchlar bilan kurashishga kuchi ham, qudrati ham, salohiyati ham yetishini urg‘uladi:

"Xalqimizni qat’iy ishontirib aytmoqchiman: davlatimiz, el-yurtimizga nisbatan dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan bunday kuchlarning har qanday yovuz fitna va harakatlariga o‘z vaqtida va keskin zarba berishga qodirmiz".


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

470

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing