Rasman: Elektr ta’minotida cheklovlar kiritilyapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning buning sababini ochiqladi

Qayd etilishicha, ayni vaqtda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilib, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib borishi natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham mos ravishda tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 4 dekabr kuni respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 219 mln kVt. soatni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 22 mln kVt. soat yoki 11% ga ko‘p. Shuningdek, dekabr oyining dastlabki 4 kunida respublika bo‘yicha iste’mol hajmi 875 mln kVt. soatni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 93 mln kVt. soat yoki 12% ga ko‘p. 

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ yuqoridagilarni inobatga olgan, xususan, energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash va elektr energiya ishlab chiqarish ob’ektlari, yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yirik avariyalar vujudga kelishini oldini olish maqsadida respublikaning turli hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar kiritilayotganini e’lon qildi. 

“O‘z navbatida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning barcha tarkibiy korxonalari ishchi-xodimlari tomonidan joylarda sodir bo‘layotgan avariyali holatlarni bartaraf etishga qaratilgan zarur choralar tezkorlik bilan ko‘rilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz. Buning uchun respublika bo‘yicha jami 1 434 nafar xodimdan iborat 478 ta tezkor avariyaviy chiqish brigada hamda ularga 398 ta maxsus avariyaviy chiqish mashinasi va texnikalar safarbar qilingan.

Fursatdan foydalanib, iste’molchilardan ushbu vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish hamda energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash uchun imkon qadar elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz”, deyiladi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xabarida.

Elektr energiya ta’minoti bilan bog‘liq har qanday muammoli vaziyatda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning tunu kun faoliyati yo‘lga qo‘yilgan 1154 qisqa raqamli Call-markaziga qo‘ng‘iroq qilish yoki "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ bilan muloqot Telegram-kanalining administratoriga @HET_admin murojaat yo‘llash so‘ralgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1833

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing