Rasman: haydovchilarga quloqchin orqali telefondan foydalanishga ruxsat berildi
Jamiyat
−
01 dekabr 2021
6711O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, haydovchilar transportni boshqarishda telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarini ishlatmasdan gaplashish imkonini beradigan uskunalar orqali foydalanishi mumkin.
Haydovchilar belgilangan tezlikni oshirib yuborganida qayd etilgan tezlikdan 5 km chegirib tashlab jazo qo‘llaniladi.
Haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazganlikka oid hujjatlarni, ishonchnomani, sug‘urtani yonida olib yurishi talab etilmaydi (mazkur tartib 2022 yil 1 martdan kuchga kiradi).
Shuningdek, transport salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatganlik uchun javobgarlik bekor qilindi.
Valyutalarni noqonuniy olganlik uchun jarima miqdori BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha etib belgilandi (ilgari qat’iy BHMning 20 baravari edi).
Avtomobilda yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashiganlik uchun fuqarolarga jarima BHMning 30 baravari etib belgilandi (ilgari BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha edi).
LiveBarchasi