“Ramayana” va “Mahobhorat”ni o‘zbek tiliga tarjima qilgan olim vafot etdi

Jamiyat

image

Bugun, 21 dekabr kuni atoqli tarjimon Amir Fayzulla (Amir Saydullayevich Fayzullayev) 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi ma’lum qildi.

Amir Fayzulla 1945 yil 15 yanvarda G‘allaorol tumanida tug‘ilgan. 1968 yili Toshkent Davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. Mutaxassisligi – hindshunos.

U 1967–1971 yillari G‘allaorol tumanidagi maktablarda o‘qituvchi, 1971–1975 yillari G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda muharrir, 1975–1990 yillari “Progress” nashriyotida bo‘lim mudiri, 1990–1994 yillari “Xalq merosi” nashriyotida muharrir, 1994–1997 yillari O‘zbekiston radiosida tarjimon, 1997–2020 yillari “Jahon adabiyoti” jurnali “Sharq adabiyoti” bo‘limida yetakchi muharrir, bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi.

Amir Fayzulla hindiy, urdu va rus tillaridan o‘zbek tiliga 30 dan ortiq roman va qissa, 400 seriyadan ortiq hind filmini tarjima qildi, yuzlab publitsistik va ilmiy-ma’rifiy maqolalar yozdi.

U “Hind xalq ertaklari”, “To‘tinoma” va “Ayyor vazir” nomli hind ertaklarini (1990), Krishan Chandar, Yashpal, Premchand, Bhisham Sahniyning hikoyalarini (1960–1987), “Otash nafaslar” (1973), “Indiraning sovg‘asi” hikoyalar to‘plamlarini (1989), Prem Chandning “Najot” (1976), “Jang maydoni” (1983), “Fidoyi” (2003), “Sevgi in’omi” (2007), “Nirmala” (2016), Jagdish Chandarning “O‘z uyida begona” (1980), Bhisham Sahniyning “Basantiy” (1997), Krishan Chandarning “Bir qizga ming oshiq” (2011) kabi romanlari va Kartar Singx Duggalning “Kuzning to‘linoy kechasi” (2000) qissasini hindiy tilidan o‘zbek tiliga o‘girgan. Mahatma Gandining “Mening hayotim” (2009) asarini rus tilidan tarjima qildi. Shuningdek, u Reydar Xaggard, Teodor Drayzer, Bulver Litton, Jamol al-G‘iytoniy, Lobsang Rampa, Irvin Shou va Mo Yan kabi jahon adiblarining til va uslubiy jihatdan murakkab, ammo umuminsoniy ahamiyatga ega qator asarlarini rus tilidan tarjima qildi.

Amir Fayzulla “Mahobhorat”, “Mirzo G‘olib”, “Ramayana”, “Bobur” seriallarini, “Sangam”, “Xir va Ranjxa”, “Ona”, “Chaqiriq”, “O‘kinch”, “Hind Tarzani”, “Mohra (Piyoda)”, “Muqaddas qasam”, “Ko‘zboylagich”, “Shohanshoh”, “Bayju Bavra”, “Xayr, shirin orzular”, “Miskinlar homiysi”, “Gul va olov”, “Zarba”, “Makkor” kinofilmlarini o‘zbek tiliga o‘girdi.

Amir Fayzulla o‘zbek tilidan hindiy va urdu tillariga ham o‘zbek adiblarining bir qancha asarini tarjima qilgan. Uning urdu tilida “O‘zbekiston shoirlari” (1972) hindiy tilida esa “Mustaqil O‘zbekiston shoirlari” (1995) va “O‘zbek adabiyoti namunalari hindiy tilida” (2014) to‘plamlarida tarjimalari chop etildi. Uvaysiyning “Uvaysiyman”, “Zaboningni”, “Dilrabo, yuzin uzra”, “Oshiq bo‘lmisham”, “Aylamish”, “Yaxshi”, “Ko‘ngul dog‘ o‘ldi”, “Eshitgil arz ahvolimni”, “Kimdurur”, “O‘zni izhor oftob” g‘azallari va “Anor” chistoni, Nodira she’riyatidan “Farhod agar”, “Bahor keldi”, “Shitob aylab”, “Beray jon visol ichra”, “Soqiy, menga qadah tut”, “Na gul sayr ayla”, “Vasl uyin obod qildim”, Muazzamxondan “Ko‘ngluma ozor har soat”, “Dilbarimni yod qilsam”, “Bemadoru, bemadoru, bemador” va Mahzuna muhammaslarini hindiy tiliga tarjima qildi.

Uning milliy adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasi davlat va jahon mamlakatlari tomonidan munosib taqdirlandi. Amir Fayzullaga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni (2000), “Mustaqillikning 25 yilligi” ko‘krak nishoni, Tojikiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Badiiy fanlar universitetining faxriy doktori unvoni (2018) berilgan. “Chet elda hindiy tilini o‘qitish, tashviqot va targ‘ibot etish sohasidagi muhim faoliyati uchun” Hindiston davlati va Markaziy hindiy tili instituti tomonidan doktor Jorj Grirson nomidagi xalqaro mukofot (2020) bilan taqdirlandi. 1984 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari marhumning yaqinlari va do‘stlariga hamdardlik bildiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Amir Fayzulla

Baholaganlar

176

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar