Innovatsiyalarni yaratishdan ko‘ra ularni joriy qilish murakkab hisoblanadi

Biznes

image

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ochib berilgan INNO Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkida yoshlar uchun “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining respublika bosqichi boshlandi. 24 noyabrga qadar davom etadigan mazkur tadbir iqtidorli yoshlarning o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etishiga ko‘maklashishni maqsad qilgan.

Biz marafon haqida atroflicha ma’lumot olish uchun tadbir tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bosh direktori o‘rinbosari Akbarxon Sobirxonov bilan suhbatlashdik.

“TechnoWays” marafoni haqida batafsil so‘zlab bersangiz. Unda qatnashish yoshlarga nima beradi?

— Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil topganiga 4 yil to‘lyapti. Shu muddat davomida innovatsion, amaliy, grant, startap, tijoratlashtirish loyihalariga katta miqdorda mablag‘ ajratib kelinmoqda. Kimlardir bu mablag‘larni olishga erishyapti, kimlardir yo‘q. Tabiiyki, yaxshi loyiha yaratib, saralash bosqichlaridan o‘tganlar mablag‘ga ega bo‘lyapti, lekin ba’zi loyihalar juda xom, ular ustida hali ko‘p ishlash kerak. Asosan shunday loyihalarni rivojlantirishga ko‘maklashish uchun “Technoways” texnologik rivojlanish marafoni yo‘lga qo‘yildi.

Bu yerda biz g‘oyani qanday topish, uning O‘zbekistonga keltiradigan foydasi, chet elda shunga o‘xshash g‘oyalarning bor-yo‘qligi bo‘yicha tahlillar qilishga o‘rgatamiz. Oddiy qo‘lbola mahsulotlarni 15-20 mln so‘m berib, mahsulot ko‘rinishida olib chiqamiz. Bunday holatda startap yutish, investorlarni jalb qilish, loyihani hayotga tatbiq etish oson bo‘ladi. Umuman, marafonni haqiqiy innovatorlarni yetishtirish platformasi, deb atasak ham bo‘ladi.

Innovatsiya so‘zi shu darajada ko‘p tilga olindiki, xalq orasida salbiy talqin qilina boshlandi. Odamlarimiz hayotini yaxshilashda innovatsiyalar qanchalik ahamiyatli?

— Aslida innovatsiyalarning maqsadi ham shu – odamlarning hayotini yaxshilash. Sodda qilib aytganda, innovatsiya jamiyatga foyda, muallifga manfaat olib keladigan g‘oyadir. Har qanday g‘oya ham innovatsiyaga aylana olmaydi. Kimdir raketa ixtiro qildi, deylik. Lekin bu raketadan hech kimga foyda bo‘lmasa, bu innovatsiya emas. Ya’ni, raketa yaratgan odam birdaniga Ilon Maskka aylanib qolmaydi.

Gap shundaki, innovatsiya yaratishdan, uni joriy qilish qiyinroq hisoblanadi. “Technoways” marafonining eng asosiy maqsadi ushbu innovatsiyani yaratishda ham, joriy qilishda ham yoshlarga ko‘maklashish va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdan iborat.

Nima uchun marafon poytaxtda emas, viloyatlarda tashkil etilyapti?

— Marafonni Toshkentda o‘tkazmayotganimizning sababi – deyarli barcha nufuzli OTMlar poytaxtda joylashgan, shuningdek, xorij OTMlarining filiallari faoliyat olib bormoqda. Lekin viloyatlarda bu borada qilinadigan ishlar ko‘p. Mana endi texnoparklar ochib, marafonlar o‘tkazishni boshladik. Butun respublikadan saralangan 100 nafar yigit-qiz bugun “Technoways”da ishtirok etmoqda. Uning yakunida homiylar tomonidan eng yaxshi g‘oya mualliflariga Dubai Expo-2020 ko‘rgazmasiga yo‘llanma taqdim etiladi. U yerda yoshlar butun dunyoda texnologiyalar qanday rivojlanayotganini ko‘rib kelishadi.

“Technoways” yoshlarga oid boshqa tadbirlardan nimasi bilan farq qiladi?

— Ta’kidlash kerakki, bu - musobaqa yoki tanlov emas, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan marafon. “Technoways” faqatgina ilm-fan va innovatsiyalarga yo‘naltirilgan. Master-klasslar “innovatsiya” nimaligini tushuntirishdan boshlab, g‘oyani hayotga tatbiq qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. Investorlarni jalb qilish, marketing, elektronika, konstruksiya, dizayn, 3D-max kabi yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar olib boriladi. Innovatsiya yo‘nalishi bo‘yicha PR va marketing o‘rgatiladi. Shuningdek, mentorlar tomonidan vazirlikda bo‘layotgan startap, grantlarda qatnashish jarayonlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot beriladi.

Deylik, biror narsani ixtiro qilmoqchi bo‘lgan oddiy talaba Innovatsiya vazirligiga kela oladimi?

— Albatta, vazirlik eshiklari barcha yoshlar uchun ochiq. Muammo shundaki, ko‘pchilik yoshlarimiz “g‘oyam bor, pul beringlar”, deb keladi. Lekin biz “g‘oyam bor, yo‘nalish ko‘rsatinglar”, deb kelishlarini istaymiz. Har bir bolaning iqtidori, harakatidan kelib chiqib, to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatsak, u mablag‘ oladigan darajaga ham yetib keladi. Masalan, kimdir elektromobil yasamoqchiman, pul beringlar, deb keladi. Lekin elektromobil yasash oson ish emas. Uning butun boshli infrastrukturasi, tizimi bor. Biz marafon orqali mana shu jihatlarni yoshlarga yetkazishni niyat qilganmiz.

Innovatsion rivojlanish vazirligi


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

12

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing