Hukumatning yangi qarori: haydovchilar uchun yangilik va yengilliklar
Tahlil
−
17 may 23267 4 daqiqa
15 mayda qabul qilingan Hukumat qaroriga ko‘ra, 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosganlik uchun radar orqali jarima qo‘llanilmaydi (to‘xtash chizig‘i – “stop-liniya”bundan mustasno). Ammo agar holat YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi. Shuningdek, mazkur qarorda ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish ishlari soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda. Ma’lumot uchun, dam olish kunlari va kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno. Shuningdek, hukumatning “Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 318-sonli qarorida radardan ogohlantiruvchi yo‘l belgilari, temir yo‘l kesishmalariga esa boshqariluvchi svetoforlar o‘rnatilishi kabi bir qancha o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan.
Radar oldidan belgi qo‘yiladi va zaruratsiz yo‘l belgilari demontaj qilinadi

1 sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda majburiy ravishda “Radar” yo‘l belgisi o‘rnatiladi.
Bundan tashqari, soat 23:00 dan 06:00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi hozirda taqiqlangan. Soat 23:00 dan boshlab deyarli barcha avtobus yo‘nalishlari o‘z ishini tugatishini hisobga olib hamda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida boshqa transport vositalarining tungi paytda, soat 6:00 ga qadar ushbu tasmalarda harakatlanishi mumkin bo‘ladi va bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi.

Qarorda “To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarining o‘rnatilishining maqsadga muvofiqligi to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan. Zarurat bo‘lmagan joylarda o‘rnatilgan yo‘l belgilari demontaj qilinadi, ularning amal qilish vaqtini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha axborot belgilari o‘rnatiladi.
Shu belgilarda ko‘rsatilgan amal qilish vaqtidan tashqari paytda transport vositalarining tegishlicha to‘xtashi hamda to‘xtab turishiga ruxsat beriladi. Masalan, “To‘xtab turish taqiqlangan” belgisining tagida amal qilish vaqti soat “7:00 – 21:00” deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, transport vositalari ushbu belgi hududida soat 21:00 dan 7:00 ga qadar bemalol to‘xtab turishi mumkin bo‘ladi.
Temiryo‘llarga svetofor qo‘yiladi
Bugungi kunda yo‘llardan kesib o‘tuvchi ayrim temir yo‘llarda hafta yoki kun davomida vagonlar harakatlanmasa-da, haydovchilar belgi oldida to‘xtashga majbur va natijada uzun tirbandliklar yuzaga kelmoqda.
Masalan, Toshkent shahrining Farg‘ona yo‘li ko‘chasi (ko‘prik oldida), Cho‘ponota va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasi, Kichik halqa yo‘li (Qushbegi) singari yirik yo‘llarda zarurat bo‘lmasa-da, haydovchilar to‘xtashga majbur.
“Shu munosabat bilan qaror bilan avtomobil yo‘llaridan o‘tgan ayrim temir yo‘l kesishmalarida “Stop” belgilari boshqariluvchi svetoforlarga almashtirilishi belgilandi”, deydi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Shuningdek, qarorga muvofiq:
IIV tomonidan 2025 yil yakuniga qadar chorraha va yo‘llardagi barcha maxsus texnika vositalari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi;
-
xatlov natijalari bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan yoki belgilangan tartibga rioya etmagan holda o‘rnatilgan, texnik va standart talablariga javob bermaydigan texnika vositalari demontaj qilinadi;
-
haydovchilar tomonidan tezlikni oshirish holatlari ko‘plab kuzatilayotgan hududlarda avtomashinalarning ayni vaqtdagi tezligini ko‘rsatib ogohlantiruvchi elektron tablolar o‘rnatiladi;
-
tadbirkorlarning maxsus texnika vositalaridan foydalanishda shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, suiiste’molchiliklarning oldini olish choralari ko‘riladi.

Bundan tashqari, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda Yo‘l harakati qoidalari bilan belgilangan tezlik chegarasini dam olish kunlari, ta’til davrlari va 19:00 dan 07:00 ga vaqt oralig‘ida ushbu aholi punkti uchun ruxsat etilgan umumiy tezlik chegarasigacha oshirib harakatlanishga ruxsat beriladi.
Asadovning ta’kidlashicha, prezident topshirig‘iga muvofiq ma’muriy jazolar tizimiga yangi “ma’muriy ogohlantirish” ta’sir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ayrim yengil turdagi huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslarga DPX inspektori tomonidan ogohlantirish beriladi. Ogohlantirish bir yil ichida faqat bir marotaba berilishi mumkin.
Live
Barchasi