Rahmon dunyo davlatlarini Afg‘onistonni yolg‘iz qoldirmaslikka chaqirdi
Olam
−
27 avgust 2022
7250Dunyo Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishda davom etishi va bu davlatni yolg‘iz qoldirmasligi kerak. Bu haqda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida aytib o‘tgan.
"Tomonlar qo‘shni Afg‘onistondagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. Davlat rahbari xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonning uzoq vaqtdan beri azob chekayotgan xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishda davom etishi va ularni hozirgi og‘ir sharoitda yolg‘iz qoldirmasligi zarurligini ta’kidladi", deyiladi davlat rahbari Matbuot xizmati xabarida.
Tojikiston tomoni ushbu jarayonga o‘zining munosib hissasini qo‘shishga, jumladan, bunday yordam ko‘rsatish uchun mamlakatning moddiy-texnik imkoniyatlarini taqdim etishga tayyorligi bildirgan.
Rahmon BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasining muhim rolini qayd etib, tashkilot va uning tegishli tuzilmalari afg‘on muammosiga bundan keyin ham zarur e’tibor qaratishiga umid bildirgan.
Shuningdek, Imomali Rahmon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi raisi Abdulla Shahid bilan uchrashuvda Tojikiston Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun o‘z imkoniyatlaridan keng foydalanishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, tomonlar terrorizm va ekstremizm, narkotrafik va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda BMT davlatlari o‘rtasida hamkorlik qilish zarurligini qayd etgan.
LiveBarchasi