Birorta rahbar aholiga qancha go‘sht, tuxum va sut mahsulotlari kerakligini bilmaydi – Prezident

Jamiyat

image

O‘zbekistonda hududlar rahbarlari 2022 yilda aholining go‘sht, sut va tuxum mahsulotlariga talabi qanchaligi va ularni qondirish uchun qanday ishlar qilinishi kerakligi haqida tasavvurga ega emas. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutgan soha - chorvachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, sohada ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda so‘z bordi.

“Biz “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi besh yilda kambag‘allikni kamida 2 baravarga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.

Pandemiya davom etayotgani, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi kabi omillar dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishiga sabab bo‘lmoqda”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, aholi kundalik iste’mol xarajatlarining 30 foizini go‘sht, sut va tuxum kabi mahsulotlar tashkil etadi.

Shu bois, Prezident oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim tarmog‘i – chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, resurs tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish har kungidan ham dolzarb va ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlagan.

“Bugungi yig‘ilishni o‘zim har bir viloyat va tuman ko‘rsatkichlarini chuqur tahlil qilib o‘tkazayotganimning yana bir muhim sababi – 2022 yilda chorvachilikda kamida 300 ming, qo‘y-echkichilikda 150 ming, pillachilikda 1,2 million, jami 1 million 650 ming aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha barcha imkoniyat va zaxira mavjud”, degan Prezident.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev viloyat yoki tumanda go‘sht, sut va tuxum mahsulotlariga talab qancha, bu talabni qondirish uchun 2022 yilda qanday tizimli ishlar qilish kerak, degan savollarga birorta hudud rahbarida aniq tasavvur yo‘qligini tanqid qildi.

Yig‘ilishda chorvachilik va pillachilikda bugungi vazifalarni bajarish va aytib o‘tilgan ish o‘rinlarini yaratishga shaxsan viloyat hokimlarining o‘zi mas’ul va javobgar bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Tuman hokimlari, agrar soha rahbarlari uchun chorvachilik, qo‘ychilik, echkichilik, pilla va jun sanoati yo‘nalishida o‘quv seminari tashkil etish zarurligi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

91

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing