O‘zbekiston WorldSkills International xalqaro harakatining a’zosi bo‘ldi
Jamiyat
−
20 yanvar 2020
8167O‘zbekiston WorldSkills International xalqaro harakatining 83-a’zosi sifatida qabul qilindi deya ma’lum qilmoqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.
17 yanvar kuni WorldSkills International direktorlar Kengashi O‘zbekistonning WorldSkills International harakatiga qo‘shilish haqidagi arizasini tasdiqlagan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan bir qator idoralar bilan birgalikda ta’sis etilgan Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi WorldSkills Uzbekistan milliy operatori hisoblanadi.
WorldSkills International butun dunyo bo‘ylab kasbiy ta’lim, kasb malakasi maqomini va standartlarini oshirishni va butun dunyo bo‘ylab xalqaro musobaqalar o‘tkazish orqali ishchi kasblarni ommalashtirishni maqsad qilgan xalqaro notijorat assotsiatsiyadir.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mu’lumot berishicha, WorldSkills International assotsiatsiyasiga qo‘shilish O‘zbekiston uchun quyidagi imkoniyatlarni beradi:
Birinchidan, O‘zbekistonda WorldSkills International’ning xalqaro standartlari bo‘yicha ishchi kasblarga o‘qitiladigan markaz tashkil etiladi.
Ikkinchidan, WorldSkills International xalqaro standartlari bo‘yicha ishchi kasblarga o‘qigan shaxslarga kasbiy malakasi tasdiqlanganligi haqida xalqaro sertifikat beriladi. Aynan mana shu sertifikat xorijiy ish beruvchilar tomonidan ishchiga to‘liq ishonch bildirishi va ishchi boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa, uning kasbiy tajribasiga kim kafolat beradi kabi yuzaga keladigan savollarga javob bo‘lishi uchun asos bo‘ladi.
Uchinchidan, dunyo miqyosida ishchi kasblar bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon chempionatlarida bevosita ishtirok etish orqali katta tajriba to‘plash va talab yuqori bo‘lgan kasb yo‘nalishlari bo‘yicha milliy kadrlar safini kengaytirib borish imkonini yaratadi.
Ma’lumot uchun, 2019 yilning 24 avgustida O‘zbekiston delegatsiyasining WorldSkills International prezidenti bilan uchrashuvi davomida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan mazkur xalqaro assotsiatsiyaga a’zo bo‘lish uchun ariza kiritilgan edi.
LiveBarchasi