QALAMPIR.UZ va Markaziy saylov komissiyasi o‘rtasida Memorandum imzolandi

Jamiyat

Ma’lumki, joriy yilning 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni vaqtda mamlakatda saylovga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bugungi kunda 750 dan ziyod mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlar saylovni yoritish jarayonlarida ishtirok etish uchun akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ular orasida QALAMPIR.UZ xodimlari ham bor. 

Muloqotning davomida sifatida kecha, 27 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev va QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov ishtirok etdi. 

Memorandumning mohiyati joriy yilda bo‘ladigan prezident saylovida OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish, tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va o‘tkazilish jarayonini yoritishdan iborat. 

Tadbir davomida MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev mazkur hamkorlik memorandumining ahamiyati haqida gapirar ekan, bu yilgi prezident saylovi ochiq va oshkora tarzda o‘tishini, bunda OAVning o‘rni katta ekanligini alohida ta’kidladi.

“Oldimizda juda katta siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi turibdi. Saylovga tayyorgarlik esa tobora qizg‘inlashmoqda. Albatta, saylovni Saylov kodeksida e’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida o‘tkazish bu yilgi eng katta rejalarimizdan biri. Bu ishlarni amalga oshirishda va saylovlarning ochiq-oshkora o‘tishida OAVning o‘rni katta. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tishi sababli MSK bu masalaga katta e’tibor qaratmoqda. OAV saylov qonunchiligini keng targ‘ib qilishga, aholining siyosiy faolligini oshirishga, fuqarolarning saylovdagi ishtirokini kengaytirishga, barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini keng, ochiq-oshkora va adolatli tarzda tezkor yoritishga katta e’tibor qaratyapti. Bu masalada OAV bilan hamkorligimiz yuqori darajada bo‘lishi talab qilinadi”, deydi MSK raisi. 

QALAMPIR.UZ internet nashri asoschisi Qamariddin Shayxov ham mazkur memorandum borasida o‘z fikrlarini bayon etarkan, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bunday hamkorlik mavjud emasligini, OAVning saylov jarayonlarini yoritishga taklif qilinishi uni yanada ochiq va shaffof tarzda o‘tishiga yordam berishini alohida urg‘uladi.

“Dunyoning juda ko‘plab mamlakatlarida davlat idoralari, xususan MSK internet-OAV bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymaganining guvohi bo‘lganman. Bugungi kunda O‘zbekistonda internet nashrlarining saylov jarayonlariga taklif etilishi, ular o‘rtasida memorandum imzolanishi va bu OAV orasida tanqidiy nashrlarning borligi MSK saylovlarni chin ma’noda ochiqligini ta’minlashga harakat qilayotganini ko‘rsatadi. Biz bu ishlar davomiy bo‘lishini, OAVning so‘z erkinligi va hamkorligimizga soya tushmasligini tilab qolamiz”, deydi nashr rahbari.

Tadbirda, shuningdek “Xalq so‘zi”-“Narodnoye slovo”, “Yangi O‘zbekiston”–“Pravda Vostoka”, “Hurriyat” gazetalari bilan ham hamkorlik memorandumi imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing