QALAMPIR.UZ so‘nggi 2 yilda barqaror rivojlanayotgan yagona sayt deb e’tirof etildi
Biznes
−
23 fevral 2023
5124QALAMPIR.UZ O‘zbekistondagi internet ommaviy axborot vositalari o‘rtasida so‘nggi ikki yilda barqaror rivojlanayotgan yagona internet nashri sifatida e’tirof etildi. Sayt foydalanuvchilari 2020 yildan buyon 4 baravarga ko‘paygan. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalarida so‘z borgan.
O‘zbekistonda auditoriyaning katta qismiga ta’sir ko‘rsatuvchi va jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi eng ommabop 15 ta internet-nashrlar aniqlandi. Ro‘yxatda QALAMPIR.UZ O‘zbekistondagi eng ommabop saytlar ro‘yxatining dastlabki o‘rinlaridan joy olgan.
“QALAMPIR.UZ internet-nashri 2020 yildan buyon media makonidagi o‘rnini mustahkamlab oldi: saytga kiruvchilar, Telegram kanalidagi obunachilar soni 4 baravarga, Facebook va Instagram’dagi sahifalarida esa deyarli 2 baravarga ko‘paygan”, deyiladi tahlil natijalarida.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, KUN.UZ saytiga kirish 2020 yilga nisbatan 2 baravarga, saytning Telegram kanalidagi obunachilari soni 15 foizga kamaygan.
Daryo.uz internet-nashri saytiga kiruvchilar va tarmoqlardagi boshqa sahifalarini kuzatuvchilar, shu jumladan Telegram kanaldagi obunachilar soni 2020 yilga nisbatan 2 baravarga kamaygan.
QALAMPIR.UZ YouTube’da obunachilar soni bo‘yicha TOP-3 talikka kirgan. Uni bugungi kunda 593 mingdan ortiq obunachi kuzatib kelmoqda.
Qolaversa, QALAMPIR.UZ Instagram’da obunachilar soni bo‘yicha ham eng yuqori o‘rinlarni zabt etgan. Ayni vaqtda Instagram’dagi obunachilar soni 3 milliondan oshgan.
“Yuksalish” harakati O‘zbekiston media maydoni o‘zgarib borayotgani, ko‘proq audio (podkastlar) va video formatdagi materiallar (qisqa lavha, stories, katta intervyu, hujjatli film) ommalashayotganini aytib o‘tgan.
“Foydalanuvchilar kattaroq hajmdagi matnlarni o‘qishni istashmayapti. Ular matnga berilgan havolani ochib o‘qishlari uchun mualliflar barcha usullarni qo‘llashiga – sarlavha, vizual ko‘rinishi ustida ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Yana bir “live” formati ham keng ommalashdi, bunda muhim voqea, hodisalar mazmuni ikki-uchta gap bilan qisqa va lo‘nda tarzda yoki ijtimoiy tarmoqlarda jonli efir tarzida berilmoqda”, deya internet jurnalistlarining mashaqqatlari haqida so‘z ochgan umummilliy harakat.
Bundan tashqari, texnologiyalar o‘zgarib borayotgani, uyali aloqa, internet, yangi gadjetlar, qurilmalar jadal rivojlanayotgani odamlarga axborotni hozir va o‘zlariga qulay ko‘rinishda olish imkonini bergani sabab, formatlar va vositalar yangilanayotganini qo‘shimcha qilgan.
Harakat mutaxassislarining fikricha, ommaviy axborot vositalari “oqim bo‘ylab suzishi” uchun yangi voqeliklarga moslashishi kerak.
“Mobillik, interaktivlik, serqirralilik, ko‘p funksionallik va umuman multimedia jurnalistikasi bosqichma-bosqich uyg‘unlashib, zamonaviy medianing asosiy mezoniga aylanib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida an’anaviy matnlar o‘rnini o‘zida ham matn, ham audio, ham video formatlarni, onlayn interaktivlikni mujassamlashtirgan materiallar egallab bormoqda. O‘zbekiston mediasida auditoriyaga xabar yetkazishning yangi kanallaridan tobora faol foydalanilmoqda”, deyilgan “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati taqdim etgan tahlilda.
LiveBarchasi